Klintonning daldasi Obamaga yordam berishi mumkin

AQSh senatori Xillari Klinton Demokratik Partiyani birdamlikka da’vat etib, yosh senator Barak Obamani prezident etib saylashga chaqirmoqda.

"Amerika yangi rahbar saylashga tayyorlanar ekan, “har bir daqiqa va har bir ovoz” g’animat," - deydi u.

Xillari Klinton prezidenlik poygasini tark etgach, uning tarafdorlari respublikachi nomzod Jon Makkeynga ergashmoqda.

Bu vaziyatda Klintonning saylovchilarga murojaati Obama g’alabasi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Senator Xillari Klinton Demokratik partiya qurultoyida so’zlar ekan,"Partiya birlashmasa saylovda boy beramiz",- dedi.

Nomzodlik uchun jon-jahdi bilan kurashgan Xillari Klinton 18 million ovoz to’pladi, ammo bu borada Barak Obamadan o’ta olmadi.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Klintonning tarafdorlari Obamadan norozi, aksariyati respublikachi nomzod Jon Makkeynga moyillik bildirmoqda.

"Barak Obama menga ma’qul nomzod va u prezident bo’lishi kerak," - dedi Klinton. "Jon Makkeyn saylansa, boshimiz urushdan chiqmaydi".

Klinton nazarida Obama Iroq urushini tugatib, harbiylarni vatanga qaytarishga, jahon ahli bilan aloqalarni tiklashga qodir nomzod.

Bugun Demokratlar anjumani davom etib, Barak Obama prezidentlikka rasman nomzod deya e’lon qilinadi. Uning saylovchilarga murojaati payshanbaga belgilangan.