Karimov: Putin ishonchli do'st, Rossiya esa munosib hamkor

Toshkentda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qilgan Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya va respublika hamkorlikda yangi gaz quvuri bunyod etadi.

Quvur Turkmaniston gazini eksport qilish uchun ham xizmat qiladi. Undan va hozirda ishlatiladigan Markaziy Osiyo- Sentr quvuridan yiliga jami 80-90 milliard kubometr tabiiy gaz o’tishi ko’zlanmoqda.

Joriy yil O'zbekiston Rossiyaga 12 milliard kubometr gaz eksport qiladi. O'tgan yili eksport miqdori 10,5 milliard kubometrni tashkil etgan.

O'zbekistonda 2007 yilda 65,3 milliard kubometr gaz qazilgan bo'lsa, bu yil 67,8 milliard kubometr mahsulot olinadi.

Islom Karimov Rossiya bilan iqtisodiy-siyosiy hamkorlik oshib borayotganini aytib, aloqalarni barqaror va mustahkam deb atagan.

Karimov nazarida Putin sobiq prezident va hozirda bosh vazir sifatida ishonchli arbob.

“Putinga nisbatan hurmatim baland”, - deydi O’zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha esa Rossiya-O’zbekiston orasidagi savdo aylanmasi so’nggi yillar ichida deyarli 10 baravarga oshgan.

Rossiya 2009 yildan boshlab O’zbekiston gazini Yevropa narxlarida xarid qila boshlaydi.

Lukoil kompaniyasi mamlakatdan yiliga 12 milliard kubometr gaz qazishni rejalamoqda.

Rossiya ayni damda har ming kubometr gaz uchun O’zbekistonga 160, Turkmanistonga esa 150 dollar to'laydi.