Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning xulosa qilishicha, Yevropa davlatlarining aksariyati sanksiya taklifini rad etib, hamkorlik yo’lini tanladi.
Lekin Yevropa
Ittifoqi Rossiyaning Gruziyaga nisbatan siyosatini qoralashda davom etmoqda. Rossiya askarlari
Gruziyani tark etmas ekan, Kreml bilan strategik hamkorlik bo’lmaydi deydi Yevropa diplomatlari.
Yevropa Parlamenti ham Rossiyani tinchlik sulhiga amal qilishga chaqirmoqda. Parlament talabnomasiga ko'ra, Rossiya qo’shini Gruziyani zudlik bilan tark etishi, Janubiy Osetiya va Abxaziyadan harbiylarini olib chiqishi zarur.
Tbilisida Rossiya elchixonasi va konsulligi yopilgan. Kreml ham Gruziya bilan diplomatik aloqani to'xtatgan.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev “Kreml Gruziya rahbari Mixail Saakashvili bilan umuman muloqot qilmaydi” demoqda. Medvedev fikricha, Saakashvili “siyosiy jasad".
AQSh nazarida Rossiyaning Kavkazga hujumidan so’ng NATO Estoniya, Latviya va Litvani o’z himoyasiga olishi zarur. AQShning NATOdagi elchisi Kurt Volker fikricha, harbiy blokka a’zo bu Boltiq davlatlari sarosimaga tushib qolgan. NATO o’z vazifasini to’liq amalga oshirishga qodir, ham siyosatda, ham jang maydonida, deydi AQSh diplomati.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, bu mamlakatning tashqi siyosatini qoralab chiqqan davlatlar ozchilikni tashkil etadi. Ko'pchilik esa hamkorlik yo'lini tanladi, deydi vazirlik so'zlovchisi Andrey Nesterenko.
Rossiyalik sharhlovchi Nikolay Petrov fikricha esa Kavkazdagi urush endi so'zlar jangiga aylandi.
Rossiyaning "Komersant" gazetasidan tashqari, barcha matbuot vositalari Tashqi ishlar vazirligi pozitsiyasini quvvatlab, "Rossiya hech narsa yutqazmadi" qabilida maqolalar chop etdi, deydi Petrov.
177 ming nusxada chop etiluvchi "Komersant"ning yozishicha, Yevropa Rossiyaga kuchli ogohlantirish berdi. Abxaziya va Janubiy Osetiya qonunan Gruziya hududi ekanini e'tirof etib, dunyo davlatlarini Rossiyaga ergashmaslikka chaqirdi. "Moskva bilan aloqalar 14 noyabrda yana bir bor ko'rib chiqiladi", deya yozadi "Komersant".
Gruziyaning ayrim hududlarini hamon Rossiya harbiylari nazorat qilayotgan bo'lsa-da, Kreml rasmiylari sulhga to'liq amal qilinayotganini ta'kidlaydi.
Tahlilchi Nikolay Petrov izohicha bu o'yin omma fikriga ta'sir o'tkazish uchun kerak, biroq Rossiyaning Yevropa bilan munosabatlarini yaxshilamaydi.
Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi sulh shartlarini yana bir bor muhokama qilish uchun 8 sentyabr kuni Moskvaga otlanmoqda.
Bu orada BMT Bolalar jamg'armasi – UNICEF Janubiy Osetiyaga kirib insonparvarlik missiyasini boshlash uchun ruxsat so'ramoqda.
UNICEFning Yevropa va MDH davlatlari bo'yicha direktori Maria Kalivis yaqinda Moskva va Tbisilida bo'lib qaytgan.
Uning aytishicha mintaqadan kelayotgan ma'lumotlarga ko'ra Janubiy Osetiyada ahvol o'ta og'ir, odamlar kun kechirishi uchun oziq-ovqat va oddiy anjomlar kerak.
Ammo birinchi navbatda hududni minalardan tozalash belgilangan.
UNICEF vakili tashkilot mutaxassislari tez orada Janubiy Osetiyaga kiritiladi degan umidda. Aholiga ruhiy va tibbiy ko'mak, bolalarni esa maktabga tayyorlash, ya'ni ularni normal hayotga qaytarish muhim deydi u.
AQSh hozirgacha gumanitar yordamni Gruziyaga harbiy kema va samolyotlarda yetkazmoqda.
Rossiya rasmiylari ko'mak nega aynan jangovor
vositalarda kelmoqda deya unga shubha bilan qaramoqda. Kreml Vashingtonni
Gruziyani qurollantirganlikda, uni og'ir qurollar bilan ta'minlaganlikda ayblab
keladi.
AQSh Mudofaa vazirligi ham, Davlat departamenti ham bu ayblovni rad
etadi. Rasmiylarning aytishicha, AQSh harbiylari Gruziya zobitlarini
tayyorgarlikda o'tkazgan, ularga kiyim-kechak va yengil qurol-aslaha bergan
xolos.