AQSh: Ukraina hukumati Rossiyaga qarshi birlashishi lozim

Yevropa rahbarlari Rossiyaning navbatdagi nishoni Ukraina bo’lishi mumkin deya xavotir olayotgan bir mahalda, Ukraina yana bir siyosiy inqiroz bilan yuzlashmoqda.

Bu Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo’shilishini qiyinlashtirishi mumkin.

Rossiya ommaviy axborot vositalari o’z muxlislariga ma’lum qilishicha, “Ukrainada Qo’ng’ir inqilob nihoyasiga yetdi va uning asosiy o’yinchilari – prezident Viktor Yushenko va Bosh vazira Yuliya Timoshenko endi bir-biriga yov”. Har ikki siyosatchi kelasi yil prezidentlik uchun bellashadi.

Yushenko erkin bozorni yoqlovchi, Timoshenko esa hukumat nazoratini ma’qul ko’ruvchi siyosatchi sifatida tanilgan. Prezident Kavkazdagi mojaroda Tbilisini oshkora quvvatlagan bo’lsa, bosh vazira lom-mim demagan.

Natijada Yushenko tarafdorlari Timoshenkoni Rossiyaga yon bosayotganlikda ayblamoqda. Ayniqsa Timoshenko bloki prezident vakolatlarini kamaytirishga ovoz bergach.

Prezident Viktor Yushenko so’zlariga ko’ra, bosh vazir partiyasi Rossiyani quvvatlovchi kommunistlar va Regionlar partiyasi bilan ittifoq tuzib, yangi koalitsiya yaratmoqda.

“Prezident vakolatlarining bir qismini bosh vazirga o’tkazish uchun ovoz berganlar”, deya xulosa qiladi Yushenko, “davlat to’ntarishi uyushtirmoqchi”.

“Afsuski”, deydi Rossiya deputati Konstantin Zatulin, “Ukrainadagi siyosiy tortishuvlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga yo’l bermayapti”.

Rossiya harbiy dengiz kuchlari Ukrainaning Sevastopol bandargohidan foydalanib keladi. Yuliya Timoshenko o’rtadagi kelishuv o’zgartirilmaydi desa, Viktor Yushenko Rossiya 2017 yilda portni bo’shatsin demoqda. Konstantin Zatulin bunga hojat yo’q deydi. Rossiya yangi bitim imzolash uchun Viktor Yushenkoning lavozimidan ketishini kutmoqda.

Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin ham yuqoridagi gaplarni tasdiqlab, “Qrimni tark etish rejamiz yo’q”, deydi.

Yil boshida Ukraina prezidenti va bosh vaziri mamlakatni NATO a’zoligiga olishni so’rab, birgalikda ariza bergan edi. Rossiya deputati Konstantin Zatulin nazarida bu Moskva-Kiyev o’rtasida do’stlik shartnomasiga ziddir.

Sobiq sovet davlatlariga, jumladan Ukrainaga safar qilgan AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni Ukraina albatta NATOga qo’shiladi deya ishonch bildirgan.

“Ammo buning uchun mamlakat rahbarlari bir-biri bilan hamda boshqa demokratik jamiyatlar bilan birda bo’lishi zarur”, - deydi Cheyni.