Xalq Partiyasi rahbari Osif Ali Zardariy – Pokiston prezidenti

Pokistonda sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning turmush o’rtog’i Osif Ali Zardariy prezident etib saylangan.

Xalq partiyasi rahbari Zardariyga parlament va mahalliy kengash a’zolarining 70 foizi ovoz bergan. Zardariy o’tgan oy o’z xohishi bilan ishdan ketishga qaror qilgan Parvez Musharraf o’rnini egallamoqda.

Sobiq prezident demokratiya dushmani degan ayblovlar ostida iste’fosini e’lon qilgan edi. Pokiston saylov komissiyasi natijani hali e’lon qilmasdan turib, parlamentda shodiyona hayqiriqlar ko’tarilgan.

Qonunchilar birma-bir sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning rasmini ko’tarib turgan uning ikki qizini tabriklashga o’tgan. Pokiston Xalq partiyasi tarafdorlari Osif Ali Zardariy prezident etib saylanishini demokratiya g’alabasi deya ta’riflaydi.

Saylov komissiyasiga ko’ra, Zardariy ikki raqibi – Oliy sud sobiq raisi Said uz-Zamon Siddiqi va qonunchi Mushahid Husaynni mag’lub etib, 702 ovozdan 482 tasini qo’lga kiritgan.

Mavlono Fazlur Rahmon kabi aksariyat qonunchilar Xalq partiyasi rahbariga ovoz berganini aytmoqda. 53 yoshli Osif Ali Zardariy bugun qasamyod qabul qiladi. U terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishiga va sobiq prezident ishdan olgan sudyalarni lavozimiga qaytarishga va’da bergan.

O’tgan hafta aynan shu mavzu Pokiston koalitsion hukumatining parchalanishiga sabab bo’lgan edi.

Sobiq bosh vazir, Musulmonlar Ligasi rahbari Navoz Sharif Zardariy bilan kelisha olmay koalitsiyani tark etgan.

Tahlilchilarga ko’ra xavfsizlik - hukumat oldida turgan birinchi darajali masala. Bugun Pokiston shimoli-g’arbidagi portlashda 16 kishi halok bo’lgan, 80 nafari jarohatlangan.

Tolibon portlashni uyushtirganini tan olgan. Jangarilar hukumat qo’shini qabilaviy mintaqani tark etishini talab qilmoqda.