So’nggi ommaviy so’rovlarga ko’ra AQSh prezidentligi uchun respublikachi nomzod Jon Makkeyn reytinglarda demokrat raqibi Barak Obamadan oldinda ketmoqda.
Har ikki nomzod Vashingtonda ulkan siyosiy o’zgarishlar qilishga qodir ekanini, faqat xalqqa xizmat qilishini aytmoqda. Saylovga atigi ikki oy vaqt qolar ekan, nomzodlar achchiq so’zlar almashmoqda, balandparvoz gaplarga zo’r bermoqda.
Demokratlar nomzodi Barak Obama Amerika xalqi yuzlashayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni sanab o’tar ekan, “shuni biling-ki mamlakatni faqat ikki partiyadan biri – demokratlar oyoqqa turg’iza oladi”, - deydi.
“Raqibim Jon Makkeyn, shubhasiz, mard va fidoiy inson, xalqqa ko’rsatgan xizmati va boy tajribasini tan olish kerak. Biroq Makkeynning siyosiy-iqtisodiy dasturi amaldagi prezident Jorj Bushnikidan farq qilmaydi”, - deydi Obama.
Jon Makkeyn o’zini saylovchilarga haqiqiy islohotchi deb ta’riflaydi. Yangi hukumatga har ikki partiyadan idrokli va qobil siyosatchilarni jalb qilishga so’z bermoqda. “Masalan energetik muammolarni faqatgina birlashib hal qilish mumkin”, - deydi u.
Ommaviy so’rovlar shundan dalolatki, Jon Makkeyn vitse-prezidentlikka Alyaska shtati gubernatori Sara Peylinni tanlab, diniy konservatorlar orasida tarafdor orttirgan.