Hozirgacha O`zbekistonda bunday mahbuslar soni haqida aniq mal`umot yo`q. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu borada turlicha ma`lumot taqdim etadi.
Qariyb 5-10 ming kishi qamoqda bo’lishi mumkin.
O`zbekiston xalqaro hisobotlarda diniy e`tiqod erkinligi cheklangan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.
Rasmiy idoralar bunday ayblovlarni inkor etmoqda. Sharhlovchilar fikriga ko`ra, hukumat diniy tahdidni bo`rttirib, o’z siyosiy maqsadlarini ko’zlamoqda.
O`zbekistonda diniy ayblov bo`yicha qamalgan mahbuslar soni qancha ekani haqida nodavlat tashkilotlar, huquq himoyachilari ham aniq ma`lumotga ega emas.
Har yili e`lon qilinayotgan amnistiya bunday mahbuslarni deyarli chetlab o`tayotgani ta`kidlanadi. Mustaqillikning 17 yilligi munosabati bilan e`lon qilingan bu yilgi amnistiya ham bundan istisno emas.
“Amnistiya qo`llash ko`p hollarda jazoni o`tash muasssalarining rahbariyatiga havola etiladi. Mahbuslar hujjatlarini ular ko`rib chiqishi kerak. Sobiq mahbuslar bilan gaplashganimizda ular ko`plab hujjatlar, qog`ozlar to`ldirilgandan keyingina amnistiya tegishi mumkinligini aytadi”, - deydi Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh tashkiloti vakili Abdusalom Ergashev.
O`zbekiston inson huquqlari tashbbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov ma`lumotlariga ko`ra, diniy e`tiqod bilan qamalgan mahbuslar o`z aybiga iqrorligi va pushaymonligi haqida mamlakat prezidenti nomiga yozilgan arizaga imzo chekmas ekan, amnistiyaga tushmaydi.
Unga ko`ra, diniy motiv bilan qamalganlarning aksariyati besh mahal namoz o`qiyotgan oddiy musulmonlar.
“Ularning qamoqda namoz oq`ishiga yo`l qo`yilmaydi. Yuqoridan kelgan buyruqqa ko`ra qamoqda ularga nisbatan qiynoqlar qo`llnadi. Turli jazolar belgilanadi, ayniqsa, 159, 242-modda bilan qamalganlarga nisbatan”, - deydi Ikromov.
O`zbekistonda diniy e`tiqod bo`yicha qamalgan mahbuslar, ularga nisbatan qo`llanilayotgan qiynoqlar haqida 1990-yil o`rtalarida gapirila boshladi.
Avval Toshkentda, keyinchalik Buxoroda kuzatilgan portlashlardan so`ng diniy e`tiqod bo`yicha qamalganlar soni keskin ortdi. Hukumat diniy ekstremistik guruhlar davlatni egallashni maqsad qilgan deb keladi.
2005 yilda Andijonda kuzatilgan qonli voqealar Farg’ona vodiysida islom xalifaligini qurush harakati bilan bog`landi. Diniy ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan dindorlar soni yanayam ko`paydi.
Muxolifat vakillari, inson huquqlari himoyachilari rasmiy hukumatning diniy ekstremizm haqidagi bayonotlaridan shubhalanadi. Hukumat diniy ekstremizm tahdididan mavjud avtoritar rejimni va repressiyalarni oqlash, dunyoviy va diniy muxolifatni quvg`in qilish uchun siyosiy qurol sifatida foydalanayotgani ta`kidlanadi.
“O`zbekistonda diniy ekstremizmga qattiq yopishib olingan, lekin o`zbek xalqini ekstremistga chiqarib qo`ygan davlatimiz deb bilaman. Xalqimiz ekstremist emas, bunga hukumat aybdor deb bilaman. O`zbekistonda qonunlar ishlamaydi. Qonunlarga ko`ra, qamoq jazosini o`tagan odamlar chiqarib yuborilishi kerak, lekin bu 159-moddaga tegishli emas”, - huquq himoyachilaridan biri.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov fikriga ko`ra, O`zbekistonda amalga oshirilgan terrorchilikka oid yoki ekstremistik tashkilotlarga oid ma`lumotlar yopiqligi bois diniy ekstremistlar kimligi haqida aniq xulosa qilish qiyin.
“Terrorizm xafvi O`zbekiston hukumati bu xavfni bo`rttirib, butun dindorlarga tazyiq ko`rsatishi kerak degani emas. Qonun doirasida odamlarni e’tiqod erkiligi, vijdon erkinligi bilan ta`minlagan holda terrorizmga qarshi kurashishi kerak”, - deydi Tashanov.
Huquq himoyachisining aytishicha, dindorlar ustidan yuritilayotgan doimiy nazorat, bosim, tazyiqlar hukumatga qarshi kayfiyatni kuchaytirmoqda.
“Bu bosimlar kuchayishi dindorlarning hukumatga nisbatan nafratiga xizmat qilayapti va oqibatda terorrizm xavfining oshishiga xizmat qilmoqda”, - deydi Tashanov.
Ayrim manbalar Ramazon oyi munosabati bilan namozxonlar ustidan nazorat kuchaygani haqida ma`lumot beradi, mahlliy faollarning aytishicha, odatdagi nazorat davom etmoqda.
“Masjidlar joylashgan mahallalarda ham odatdagidek nozirlari bor, avval ham shu edi. Hozir ro`za oyi munosabati bilan ko`paydi deyish qiyin, o`zi O`zbekistonda qaysi tomonga qarasangiz, militsiyaga ko`zingiz tushadi, shunchalik ko`p”, - deydi Abdusalom Ergashev.
Dindorlardan biri O`zbekiston aholisining diniy qarashlari, e`tiqod erkinligi yuzasidan shunday mulohaza bildiradi.
“Tarixdan ham kuzatsak, O`rta Osiyo namozxonlar dinning eng mo`tadil, yumshoq ko`rinishi tarafdori bo`lgan. Oxirgi paytda ulamolar tomonidan chiqarilayotgan kitoblarni o`qisangiz ham shu targ`ib qilinadi. Nazarimda O`zbekiston namozxonlari namozini o`qib, imkon qadar din ko`rsatmalarini bajarishga urinayotgan mo`tadil bir kishilar”, - deydi namozxonlardan biri.
Uning aytishicha, diniy ekstremizmga yoki aqidaparastlikka tayanayotganlar
O`zbekistonda kamchilik.
“Aqidaparastlik masalasining kelib chiqishi… Islomni o`rgatish, uning nimaligini anglab olish masalasi yo`lga qo`yilmagan, bu narsani maktablarda o`qitish kerak, islomda zamonadan orqada qolgan narsalar ham bor, bu narsalarni ham tushuntira bilish kerak. Buni islomshunoslarimiz o`rgatishi, davlat bunga ruxsat berishi kerak”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.
Huquq himoyachilaridan biri O`zbekistonda e`tiqod haqidagi qonun diniy bilim bo`yicha oliy ma`lumoti yo’q kishilarning islomdan ta`lim berishini taqiqlaydi.
“Bu insonni tahqirlovchi narsa. Men o`z farzandimga islomdan ta`lim berishim mumkin emasmish. Bola kichikligidan islomdan ta`lim olmasa, u qanday qilib nima yaxshi, nima yomonligini biladi?” - deydi u.
Sharhlovchi Tursuboy Qoratoyev so’zlariga ko`ra, O`zbekiston terrorizm tahdidi haqida dunyoni birinchilardan bo`lib ogohlantirgan davlat.
“Kim shu narsa bilan to`qnashib, azobini ko`rsa keyin biladi. O`zbekiston terorizmni cheklashda birgalikda kurashishga chaqirib kelmoqda. Shundagina bularning ildizini yo`q qilish mumkin. Bu tahdid bilan Angliya ham, AQSh ham to`qnash keldi”, - deydi Qoratoyev.
Sharhlovchi Bobomurod Razzaqov nazarida diniy ekstremizm tahdidi siyosatdagi doimiy niqoblardan biriga aylanmoqda.
“O`zbekistonda siyosatchilarimiz noma`qul harakatlarini, o`ylamasdan qabul qilingan qarorlar, harakatlarning oqibatlarini yashirish uchun terorchilik o`yinlarini qilib, xalqni chalg`itishga urinayapti. Shu usulda ular davlat boshqarayapti. Tepada davlat rahbari bilganini qilyapti, xalq hech narsadan xabari yo’q. Axborot bilan ta`minlanmagan, natijada terorizm siyosatchilarning kursida qolishlarida asosiy o’rin tutayapti”, - deydi Razzoqov.
Huquq himoaychilari ma`lumotlariga ko`ra, diniy ayblov bilan
qamalgan mahbuslar soni 5-10 ming bo`lishi mumkin.