AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg'onistonda koalitsiya hujumlarida oddiy fuqarolar halok bo'layotgani yuzasidan afsusda. Geyts vaziyatni Kobulda prezident Hamid Karzay bilan muhokama qilgan.
BMT va afg'on rasmiylari o'tkazgan tekshiruv natijalariga ko'ra o'tgan oy Hirotda ana shunday hujumlarning birida 90 kishi halok bo'lgan. Aksariyati bolalar. Harbiylar voqea ustidan qayta tergov boshlash arafasida.
AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni general Deyvid Makkirnan qo'shin sonini oshirish kerak demoqda. Kamida 10 ming askar kerak deydi u.
"Ayni paytda Afg'onistonda AQShning 33 ming qo'shini bor. Ya'ni ular soni so'nggi 3 yil ichida 50 foizga oshgan. Kelasi yil yanvarda ularga yana bir brigada qo'shiladi".
Biroq, deydi general Makkirnan, AQShning Afg'onistonga tegishli harbiy qarorlari Iroqdagi vaziyat bilan chambarchas bog'liq. Hozirgacha Iroqning qator viloyatlarida xavfsizlikni ta'minlash ishlari mahalliy armiyaga topshirilgan. Kelasi yil bir necha ming amerikalik harbiy xizmatchi vatanga qaytadi.
General Makkirnan Afg'onistonda tinchlik o'rnatish uchun Pokistonning qabilaviy mintaqalarida ham nazorat o'rnatish lozim deydi. Ammo Pokiston hukumati va Bush ma'muriyati bunga qanday erishish yuzasidan turlicha fikrda. Rasmiy Islomobod AQSh qo'shinini bu mintaqalarga yo'latmaydi.
General Makkirnan havodan nishonni aniqlash uchun eng ilg'or harbiy texnologiya qo'llansa-da, "jangovar holatda xatolar bo'lib turadi", - deydi.
Buning ustiga, Tolibon ko'p hollarda oddiy aholidan qalqon sifatida foydalanadi, ular orasida yashaydi.
Tolibonni yengish uchun, deydi general, 3 omilga e'tiborni oshirish zarur. Bular – xavfsizlik, sarmoya va iqtisodiy taraqqiyot hamda davlat boshqaruvi.