AQShda ayrim tahlilchilar va siyosatchilar nazarida Rossiya-Gruziya mojarosi AQShning fazoda olib borayotgan izlanishlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
NASA - AQSh samoviy tadqiqotlar agentligi - Rossiya fazo kemalariga tayanib, xalqaro kosmik stansiyani ta’mirlash ishlarida hamkorlik qilib keladi. Vashington-Moskva aloqalari sovuqlashar ekan, Rossiya o’z ilg’or vositalaridan foydalanishni cheklashi mumkin.
Qo’shma Shtatlar va Rossiya 1993 yildan beri fazo sohasida hamkorlik qilib keladi. Avvallari Rossiyaning “Mir” nomli kosmik stansiyasi bo’lgan. Kosmosga tez-tez qatnab ko’zi pishgan rossiyalik mutaxassislar AQShga yordam bera boshlagan.
Amerika fazogirlari Rossiyaning “Soyuz” nomli kemasida koinotga parvoz qiladi. Bu hamkorlik ikki jamiyatni ancha yaqinlashtirgan edi deydi Amerika Universiteti olimi Xovard Makardi.
“Amerika va Rossiya koinotni birga o’rgana boshlagan edi. Davlatlar bir-birining fazoviy kemalaridan foydalanishi mumkin edi. Hamkorlikdan ular ham, biz ham mamnun edik. Sovuq urush davri o’tmishga aylangan edik”, - deydi Makkardi.
Ammo bu baxtli davr Rossiya-Gruziya urushi tufayli poyoniga yetgan ko’rinadi. 2010 yilga borib NASA agentligiga qarashli fazoviy kemalar yaroqsiz ahvolga keladi. Ya’ni Xalqaro Kosmik Stansiyaga chiqish uchun Amerika faqat Rossiyaning “Soyuz” kemalaridan foydalanishga majbur bo’ladi.
AQSh qonunlariga ko’ra, hozirda Amerika Rossiyadan fazoviy qurilma xarid qilishi man qilinadi. Kreml Eron bilan qurol-yarog’ savdosini to’xtatmas ekan, Vashington shunday chora bilan chiqqan. NASAga istisno tariqasida ruxsat berilgan. 2011 yilgacha.
Kongress bu muhlatni uzaytirmasa, AQSh fazoviy tadqiqotlariga ziyon yetadi, deydi mutaxassislar. Skot Peys Jorj Vashington Universitetida, Fazoviy Siyosat Institutiga rahbarlik qiladi:
“Kongress bu hujjat muddatini uzaytirishi kerak. Bu juda muhim. Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Soyuz kemalaridan foydalanishga ijozat olishi kerak. Aks holda 2010 yilda keyin Xalqaro Kosmik Stansiyaga qatnay olmaymiz. Koinot eshiklari biz uchun yopiladi”.
Respublikachilar partiyasi, xususan prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn nazarida Rossiya ishonchli hamkor emas.
Tahlilchilar fikricha esa siyosiy qarashlar farq qilsa-da, Rossiya va Amerika birgalikda fazoviy izlanishlarni davom ettirishi lozim.
“Kosmosdagi tadqiqotlar davlatlararo hamkorlik mahsulidir. Saturn yoki Mars sayyoralariga parvoz qilganimizda Yevropa Fazoviy Agentligi qurilmalaridan foydalanamiz. Har bir fazoviy loyihada turli davlatlarning hissasi bor. Samodagi stansiya shu bois ham xalqaro markaz hisoblanadi”, - deydi olim Xovard Makardi.
Davlatlar va hukumatlar murosa qila olsa, XXI asrda insoniyat yuzlashayotgan qator muammolar yechilgan, shu jumladan kosmik izlanishlar ham jadal tus olgan bo’lardi.