Loyihaning ilk ko’rinishi dushanba kuni palatada rad etilib, unga tuzatishlar kiritilgan edi. Oldin Senat tomonidan tasdiqlangan va jami 700 milliard dollarlik dastur, moliya tizimini tang ahvoldan chiqarishga sarflanadi. Senat va Vakillar Palatasi tasdiqlagan loyihaga prezident qo’l qo’ygan.
Hujjat palatada ilk bor rad etilgach, qimmatbaho qog’ozlar bozorida aksiyalar narxi keskin tushib ketgan edi. Biroq senatorlar unga ovoz bergach, bozor biroz o’ziga kelgan. Palata spikeri Nensi Pelosining aytishicha, hujjatga ayrim tuzatishlar, xususan, soliq imtiyozlari kiritilgan.
Soliq to’lovchilarni himoya qilib, moliya bozoriga ishonchni tiklash zarur, deydi Pelosi. Prezident Bush ham Oq Uyda bir guruh kichik biznes egalari bilan uchrashganda, hujjatning naqadar muhim ekanini aytgan. Shu bilan kichik va o’rta bizneslarga kredit liniyalari yana ochiladi.
Loyiha samara berishi uchun bir oz vaqt o’tishi kerak, deydi Bush. Dasturga ko’ra, hukumat inqirozga uchragan moliyaviy va sarmoya kompaniyalaridan aktivlarini sotib olib, ma’lum muddatdan so’ng qayta sotuvga chiqaradi.