AQSh Hindistonga yadroviy texnologiyalar yetkazadi

AQSh prezidenti Jorj Bush Hindiston bilan yadroviy hamkorlikka yo’l ochuvchi qonunni imzolagan.

“Bitim”, deydi prezident, “ikki yirik demokratik jamiyat o’rtasidagi mustahkam rishtalar ifodasidir va AQSh mas’uliyatli va oshkora ish yurituvchi davlatlar bilan yaqindan aloqa qilishda davom etadi”.

Hindiston bundan 34 yil ilgari ilk yadro sinovini o’tkazgach, AQSh rasmiy Dehli bilan atom hamkorligini to’xtatgan edi. Bush imzolagan qonun ushbu taqiqni bekor qilib, AQSh o’z yadroviy texnologiyalarini Hindiston bilan bo’lisha boshlaydi. Rasmiy Dehli esa ayrim yadro inshootlarini xalqaro inspektorlarga ochib berishga va’da bermoqda.

“Hindiston bilan hamkorlik ikki yo’nalishni qamrab oladi – yadroviy energiya ishlab chiqarish hamda yadroviy qurollar tarqalishiga qarshi birgalikda chora ko’rish”, - deydi prezident Bush.

Bush izohicha Vashington-Dehli munosabatlari o’tgan yillar ichida murakkab davrni boshdan kechirdi. Har ikki davlat strategik sheriklikni maqsad qilar ekan, energetik sohada katta imkoniyatlar mavjud.

Hindiston yadroviy qurollarni tarqarmaslik hamda yadro sinovlarni man etish to’g’risidagi xalqaro kelishuvlarni imzolamagan. AQShning ayrim qonunchilari Hindiston yadro energiyasidan harbiy salohiyatini oshirish uchun ham foydalanishi mumkin degan xavotirda.