Prezident Bush Oq uyda Katta Yettilik davlatlarining moliya mutasaddilari bilan uchrashib, jahon qimmatbaho qog'ozlar bozorini qamrab olgan inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qilmoqda.
Global iqtisodiy tanazzulning oldini olish va kapital bozorini jonlantirish uchun, sal avval dunyo markaziy banklari foiz stavkalarini pasaytirgan edi.
Vashingtonda o'tayotgan yig'ilishda Yevropa davlatlari, AQSh va Yaponiya kapital bozorini barqarorlashtirish hamda sarmoyadorlar ishonchini tiklash uchun birgalikda harakat qilishga kelishib olgan. Favqulodda uchrashuvda Katta Yettilik mamlakatlaridan nafaqat moliya vazirlari, balki markaziy bank rahbarlari ham qatnashgan.
AQSh Moliya vaziri Genri Polsonga ko'ra, "birinchi navbatda, banklarga qo'yilgan mablag' qaytarilishini kafolatlash uchun sug'urta miqdorini oshirish hamda banklarning bir-biriga qarz berishini ta'minlash zarur".
O'tgan bir necha kun ichida qimmatbaho qog'ozlar bozorida aksiyalar bahosi keskin pasaydi. Moliyaviy tanazzul dunyoning har bir burchagida aks-sado bermoqda, deydi iqtisodchilar.
Prezident Bushning aytishicha, AQSh hukumati inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayapti. Xalqaro moliyaviy tizim barqarorligi ko'p jihatdan AQSh iqtisodiyotiga bog'liq. Butun dunyo yalpi mahsulotining 25 foizi AQSh hissasiga to'g'ri keladi.
Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga ko'ra, moliyaviy bo'hron Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga ham ta'sir o'tkazishi aniq. Mintaqa davlatlarida iqtisodiy o'sish sekinlashishi kutilmoqda.