Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Ukrainaga kredit beradi

Moliyaviy inqiroz jahon bo'ylab keng quloch yozar ekan, Qo'shma Shtatlar unga yechim topish maqsadida sanoatlashgan davlatlar rahbarlarini Vashingtonda to'plamoqda. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar esa ba'zi davlatlarga amaliy yordam bermoqda.

"Vashington Post" gazetasining yozishicha, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Ukrainaga 16,5 milliard dollarlik kredit bermoqchi. Jamg'arma rahbari Dominik Stros Kanning aytishicha, tashkilot Ukrainaga jahonda hukm surayotgan moliyaviy inqirozdan chiqish va iqtisodiyotini kuchaytirishga yordam beradi.

Ukraina po'lat eksporti bo'yicha jahondagi yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Po'lat narxining tushishi va Ukraina milliy valyutasi - grivnaning moliyaviy inqiroz oqibatida 20 foizga qadrsizlanishi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatgan.

Ukraina nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy qiyinchiliklarni ham boshdan kechirmoqda. 7 dekabr kuni mamlakatda muddatidan erta parlament saylovlari bo'lib o'tadi.

Gazetaga ko'ra, jamg'arma Islandiyaga ham 2 milliard dollarlik zayom berishini aytgan. Bu G'arbiy Yevropa davlatining 30 yildan ortiq vaqt mobaynida ilk bor jamg'armadan yordam olishi.

"Vashington Tayms" gazetasining yozishicha, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi berayotgan zayomlar Ukraina Markaziy Banki valyuta zaxiralarini saqlashga yordam beradi, chunki bank moliya tizimini inqirozdan qutqarish uchun valyuta zaxiralarini sarflashga majbur bo'lyapti.

Jamg'arma press-relizida Ukrainaga qo'yilayotgan shartlar haqida hech narsa deyilmagan.

Kelasi oy Oq Uyda xalqaro iqtisodiy sammit o'tkaziladi. 20 davlat rahbarlari jahondagi iqtisodiy tanazzuldan chiqish yo'llarini muhokama qiladi.

Sammit mezboni prezident Bushning aytishicha, anjuman ishtirokchilari har bir mamlakat moliya tizimidagi muammo sabablarini tahlil qilib, ko'rilayotgan choralar natijasini muhokama qiladi.

Bush tashabbusi bilan o'tkazilayotgan sammit 15 noyabrda bo'ladi. Uning fikricha ba'zi mamlakatlarni erkin savdo tamoyillarini qabul qilishga undash kerak.

"Erkin bozor siyosati turmuzh tarzini ko'tarishga va jahon bo'ylab millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqarishga yordam berdi," deydi Bush.

Ba'zi davlatlar iqtisodiyoti siyosiy va moliyaviy muammolar tufayli qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan bo'lsa, Gruziya Rossiya bilan urush oqibatida deyarli ikki milliard dollarlik zarar ko'rgan. G'arb unga yordam berishga va'da bergan. Xususan Qo'shma Shtatlar bir milliard dollarga yaqin pul beradi.

AQSh Savdo vazirining o'rinbosari Jon Sallivanning aytishicha, yordam Gruziyada ish yuritayotgan AQSh tadbirkorlarini tinchlantirishga ham qaratilgan.