Barak Obama ma'muriyatini tuzishga kirishdi

AQShning yangi saylangan prezidenti Barak Obama lavozimga rasman 20 yanvarda kiradi. Shu kuni Vashingtonda inauguratsiya marosimi bo'lib o'tadi. Hozirda Obama o'z ma'muriyatini tuzishga kirishgan. Bugundan boshlab Markaziy Razvedka Boshqarmasi Obamani maxfiy hujjatlar bilan tanishtira boshlaydi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Barak Obama Illinoys shtatidan kongressmen Ram Emmanuelga ma'muriyatini boshqarishni taklif qilgan. Moliya vaziri lavozimiga to'rt kishining nomi keltirilmoqda. Ularning ikki nafari sobiq vazirlar. Harbiy flot sobiq qo'mondoni Richard Dansig mudofaa vaziri etib tayinlanishi mumkin. Demokrat senator Jon Kerri va respublikachi senator Chak Xeygel davlat kotibi lavozimiga asosiy nomzodlardan sanalmoqda.

Prezidentlik muddati tugayotgan Jorj Bush Barak Obamaning g'alabasini tarixiy deb atamoqda. Bush inauguratsiya kunigacha Obama bilan yaqin aloqada bo'lib, Oq Uy ishlarini asta-sekin unga topshirishga va'da bergan.

"Amerikaliklar kimga ovoz berishidan qat'iy nazar, ular saylov natijasidan faxrlansa bo'ladi. Saylovda ko'plab fuqarolar qatnashib, Amerika demokratiyasining ahamiyatini namoyish etdi," deydi Bush.

Uning aytishicha, saylovlarda qora tanli nomzodning g'alaba qilishi ayniqsa o'tgan asrning 50-, 60-yillarida irqiy tenglik uchun kurashga guvoh bo'lgan fuqarolar uchun ahamiyatlidir.

Amerikaliklar bir millat bo'lib olg'a qadam qo'yishi kerak, deydi Bush.

"Katta o'zgarishlar bo'sag'asida turibmiz. Shunga qaramay hukumat Amerika xalqini yangi oliy qo'mondon rahnamoligida himoya qilishda davom etadi."

Prezident saylovlari bilan bir kunda o'tgan Kongressga bo'lgan saylovlar natijasida Demokratik partiyaning har ikki palatada vakillari soni ko'paygan.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosining aytishicha, oldinda qilinadigan ishlar ko'p, yechimini kutayotgan talaygina muammolar bor.

"Ularni hal qilishda demokratlar raqiblari bilan birga hamkorlik qilishga tayyor," deydi Pelosi.