Qo'shma Shtatlar Rossiyaning Polsha yaqinida qisqa masofali ballistik raketalar o'rnatish rejasiga norozilik bildirmoqda. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiyaning bu harakati AQShning Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasiga javobdir.
Dmitriy Medvedev Rossiya raketalarini Kaliningradda, Polsha va Litva chegarasiga yaqin joyda o'rnatmoqchi. Nishonni 300 kilometrgacha bo'lgan masofadan turib urib tushiradigan "Iskandar" deb nomlanuvchi bu raketalar AQSh mudofaa tizimiga qarama-qarshi qo'yilmoqda. Bundan tashqari, deydi Medvedev, AQShning Chexiya va Polshadagi tizimiga Rossiya elektron to'siq qo'yishga harakat qiladi.
Davlat departamenti so'zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, AQSh tizimi Rossiyaga qarshi qaratilgan emas va Kreml buni tushunishi kerak.
"Rossiya qaroridan norozimiz. Chunki Chexiya va Polshadagi mudofaa tizimi Eron kabi davlatlar hujumidan himoya qilishga qaratilgan. Rossiya tizimdan xavotirlanmasa ham bo'ladi, chunki u Polshaga qo'yiladigan oz sonli raketalarni bemalol urib tushira oladi," deydi Makkormak.
Pentagon rasmiylari Kremlni tinchlantirishga urinib, Rossiyaga o'z mudofaa tizimini nazorat qilishni taklif qilganini ta'kidlaydi.
Kelayotgan yakshanba kuni AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Misrda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, mavzuni muhokama qiladi.