Kelasi 20 yil ichida AQShning xalqaro nufuzi ancha pasayib, uning o’rnini Xitoy va Hindiston kabi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar egallashi mumkin.
Mazkur xulosa AQSh Razvedka
Kengashining (National Intelligence Council)yangi hisobotida aks etgan. Xavfsizlik masalalari tahliliga
bag’ishlangan bunday hisobot har 4 yilda bir marta chiqariladi.
Razvedka agentliklari xulosasiga ko’ra AQSh hozircha iqtisodiy va harbiy ustunlikni hech kimga boy bergani yo’q. Ammo kelasi 20 yil mobaynida dunyodagi obro’-nufuzi tushib boraveradi. AQSh dollari ham zaiflashishi kutilmoqda. Hisobotda yozilishicha Xitoy va Hindiston AQShga tenglashib, dunyoning qudratli davlatlari ro’yxatidan orin oladi.
"O’zgarishlar ostonasida turibmiz. Biz bilgan xalqaro tizim tushunchasi tamoman
o’zgaradi",- deydi hisobot muallifi Mety Burrovs.
Indoneziya, Eron va Turkiya kabi davlatlarning ham ta’sir kuchi oshishi
bashorat qilingan. Xitoy va Rossiya demokratiya tomon qadam tashlaydimi-yo’qmi,
aytish qiyin. Ammo Yaqin Sharqdagi muammolar hali-beri tinmaydi.
"Eron yadro qurolini qo’lga kiritishi mintaqada qurol poygasiga turtki beradi. Bu mojarolar davom etishiga olib keladi",- deydi Barrovs.
Xalqaro terrorizm borasidagi tashvishlar hamon o’rinli, deydi tahlil muallifi. Biroq Al-Qoidaning musulmon jamiyatlarida tarafdorlari kamayib bormoqda.
"Terrorchilar o’zini boshiga yetdi desak xato bo’lmaydi. Haddan ziyod xunrezlikdan begunoh musulmonlar aziyat chekmoqda",- deydi Barrovs.
AQSh razvedka idoralari taxminicha dunyo aholisi 2025 yilga borib bir milliardga ko’payadi. Suv, oziq-ovqat hamda energiya resurslari ustida raqobat mintaqaviy mojarolarni avj oldiradi.
Hukumat, biznes va diniy tashkilotlardan tashqari jinoiy tizimlar ham global
jarayonlarga ta’sir qila olishi aytilmoqda.