BMT Xavfsizlik Kengashi 2007 yil kuzida AQSh vositachiligida o’tgan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida erishilgan kelishuvni ma’qullab, rezolyutsiya chiqargan.
Bu Arab-Isroil mojarosi yuzasidan oxirgi 5 yilda kengash qabul qilgan ilk hujjat.
O’tgan yil noyabrda AQShning Annapolis shahrida Isroil va Falastin rahbarlari uchrashgan, tomonlar tinchlik bitimini muhokama qilgan edi.
Mazkur sammit prezident Bush tashabbusi bilan o’tkazilgan. BMT Xafvsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qilar ekan, tinchlikka erishish uchun umid bor, demoqda.
Loyiha AQSh va Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan. 15 a’zolik kengash hujjatni deyarli bir ovozdan ma’qullagan, birgina Liviya betaraf.
AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays fikricha, Isroil-Falastin muloqoti davom etishi kerak.
"Falastin prezidenti Mahmud Abbos, Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni tinchlik uchun zamin hozirlay oldi", - deydi Rays. "Muloqot to’xtamasligi kerak. Maqsad Falastin davlatini barpo etish va Isroil bilan yonma yon totuv yashashga layoqatli jamiyatga yo’l ochish", - deydi Kondoliza Rays.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun dunyo davlatlarini faolroq bo’lishga chaqirib, Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishidan barcha birday manfaatdor, deydi.
BMT Xafvsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga ko’ra, Isroil va Falastin tinchlik sulhiga amal qilishi, arab davlatlari taklif qilgan reja asosida harakat qilishi kerak.
Bu rejaga muvofiq Isroil 1967 yildan beri bosib olgan arab hududlarini tark etishi va Falastin mustaqilligini tan olishi lozim. Shundagina arab dunyosi Isroilni ham tan oladi.