Tahlilchilar Moskva-Vashington aloqalari iliqlashganiga ishora qilmoqda

Qo’shma Shtatlar fikricha, Rossiya Yevropa bilan chegarada raketa o’rnatish qaroridan qaytsa, ma’qul ish bo’lardi.

Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligi xabariga ko’ra, Kreml Kaliningrad oblastida “Iskandar” raketalarini hozircha o’rnatmaslikka ahd qilgan.

Tahlilchilar Moskva-Vashington aloqalari birmuncha iliqlashganiga ishora qilmoqda.

AQSh rasmiylari ta’biricha, Rossiya Kaliningrad masalasida hali aniq bayonot bermagan. Moskva Yevropa biqinida raketa o’rnatish fikridan qaytsa, a’lo ish bo’lar edi, deydi Obama ma’muriyati.

Shu hafta “Interfaks” agentligi Rossiya hududda raketa joylashtirmaydi, deb xabar tarqatgan. Biroq Kreml ma’murlari buni tasdiqlamagan. Shunday bo’lsa-da, mazkur xabar Moskva-Vashington munosabatlari yaxshilanadi degan umid paydo qilgan.

Sobiq prezident Bush Polsha va Chexiya Respublikasida raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatishni rejalagan edi. Bu borada muzokaralar ham boshlangan. Maqsad dushman davlatlar hujumidan saqlanish, deydi AQSh, ammo rasmiy Moskva loyihani o’ziga tahdid deb biladi.

Davlat departamenti rasmiysi Robert Vud deydiki, prezident Obama mudofaa tizimini ko’zdan kechirmoqda. Zarurat bo’lsa, uni ma’qullaydi, lekin bu shoshib qabul qilinadigan qaror emas, deydi rasmiy.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton hafta boshida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muloqot qilgan.

Prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev ham telefon orqali gaplashgan. Tahlilchilar nazarida Obama prezident bo’lgach, Kreml bilan aloqalar birmuncha iliqlashgan ko’rinadi.