Xillari Klinton: Tashqi siyosat iqtisodiy-madaniy aloqalarga asoslanadi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Britaniya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Afg’oniston va Eron masalasi xususida gaplashmoqda.

Klinton xonim Osiyo bo’ylab safarga ham otlanmoqda. Kelasi hafta u Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoyda bo’ladi.

Bugungi uchrashuvlar esa Xillari Klintonning tashqi ishlar vazirasi sifatidagi ilk muzokaralari.

Klinton xonim Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband va Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Volter Shtaynmayer bilan bir davrada emas, alohida so’zlashmoqda.

Afg’onistonda tinchlikka erishish va Eronni uranni boyitish harakatlaridan qaytarish yo'llari ustida o’ylanar ekan, Amerika hukumati hozircha o'z yangi strategiyasini e'lon qilmagan.

Lekin Barak Obama ma’muriyati nazarida har ikki mamlakatga nisbatan G’arb davlatlari bir yoqadan bosh chiqargan holda siyosat yuritishi kerak.

Xillari Klinton fikricha Amerika tashqi siyosatida iqtisodiy va madaniy aloqalar yuqori o’ringa chiqishi kerak.

AQSh Davlat kotibasi ta’biricha siyosiy ta’sir kuchiga ega bo’lish uchun harbiy qudratni ro’kach qilish davri o’tgan.

“Diplomatiyamizni taraqqiyot dasturlari va moliyaviy yordamga asoslashimiz kerak”,- deydi u.

Xillari Klinton “yumshoq diplomatiya” haqida gapirmoqda, ya’ni turli jamiyatlar bilan aloqalarni o’zaro manfaatlarga tayangan holda olib borish, talab va bayonotlardan cheklanib, ochiq muloqot yuritish.

Vashingtondagi siyosatdonlar nazarida bunday strategiya har doim ham samara beravermaydi.

Ammo Barak Obama ham, Xillari Klinton ham yangicha ish tutish fursati yetgan deya qayd etmoqda.