Katta Yettilik erkin savdo haqida gaplashib oldi

Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari, Italiyada o’tgan yig’ilishda, proteksionizm siyosatini rad etib, jahon iqtisodiyotini ko’tarish yo’lida yaqinroq ishlashga va’da bergan.

Xalqaro tashkilotlar dunyo iqtisodiy o’sish sur’atlari so’nggi 60 yil ichida eng past ko’rsatkichga tushib ketganini qayt etadi. Iqtisodiy tanglik 2009 yil oxirigacha davom etishi bashorat qilingan.

Katta Yettilik guruhiga a’zo davlatlar – Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya hamda AQSh nazarida, ana shunday sharoitda proteksionizmga berilish, ya’ni erkin savdo yo’liga shart va to’siqlar qo’yish yaraga tuz sepish bilan barobar.

Rim anjumanida Katta Yettilik davlatlari moliya vazirlari hamda markaziy bank rahbarlari barqarorlikka erishish uchun qo’l ostidagi barcha vositalar ishga solinadi degan.

Yaqinda AQSh Kongressi 787 milliard dollarga teng iqtisodiy yordam dasturini ma’qulladi. Unda jumladan mamlakat infrastrukturasini yangilash loyihalarida faqatgina Amerikada ishlab chiqarilgan po’lat va boshqa metallar ishlatilsin, degan band kiritilgan.

Erkin savdoni cheklamaslikka chaqirayotgan davlatlar bundan tashvishda. Yig’ilishda ishtirok etgan AQSh Moliya vaziri Tim Gaytnerning aytishicha, xavotirga o’rin yo’q.

Dunyodagi ko’plab banklar global iqtisodiy pasayishga bardosh bera olmay bankrotga uchragan. Moliya sektorini mustahkamlashning eng ma’qul yo’li banklarni kapital bilan ta’minlash, deydi iqtisodchilar.