AQShning Iroqdagi urushiga 6 yil to'ldi

Shu hafta AQSh Saddam Husaynni hokimiyatdan ag'darib, Iroqni istilo qilganiga olti yil to'ldi. Qo'shma Shtatlar mamlakatda demokratiyani o'rnatishga harakat qildi, ammo aslida siyosiy, etnik va qabilaviy ziddiyatlarga turtki berdi. Bundan tashqari yaqinda AQShda o'tkazilgan tekshiruvlar mamlakatni tiklash uchun ajratilgan millionlab dollar pul behudaga sarf bo'lganini va o'zlashtirilganini ko'rsatgan.

Urush tanqidchisi bo'lgan prezident Barak Obama kelasi yili avgust oyigacha AQSh harbiylarining katta qismini Iroqdan chiqarishga so'z bergan.

"Ungacha Iroq va Amerika xalqi o'z oldiga qo'ygan maqsadga erishgan, ya'ni Iroq suveren, barqaror va mustaqil bo'ladi," deydi Obama.

Pentagonning aytishicha, Iroqda muvaffaqiyat haqida gapirishga hali erta, ammo o'tgan yilga qaraganda mamlakat ancha barqaror. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, mashaqqatli olti yildan so'ng iroqliklar kelajakka umid bilan qarashi mumkin

"Vaziyat kundan-kunga yaxshilanmoqda. Iroqliklar muammolarni qurol bilan emas, siyosiy yo'l orqali hal qilishni o'rganmoqda," deydi Geyts.

Qo'shma Shtatlar Iroq barqarorligiga iqtisodiy jihatdan ham yordam bermoqda. Ammo reviziya davomida qurilish, ichimlik suvi bilan ta'minlash kabi turli loyihalarga ajratilgan mablag'lar havoga sovurilgani aniqlandi.

"Masalan, Bag'doddagi politsiya kolleji puxta qurilmagan," deya misol keltiradi shu ishni taftish qilgan inspektor Stuart Boven.

Iroq elektr infratuzilmasini yaxshilashga ajratilgan 18 million dollar esa AQSh armiyasi tomonidan ushlab qolinib, yaqinda Iroq hukumatiga o'tkazilgan. Boven AQSh harbiylarini pulni yashirishga harakat qilganlikda ayblaydi.

"Pul benom hisob raqamlariga o'tkazilgan ekan," deydi inspektor.

Uning aytishicha, ba'zi qurilish loyihalari tugatilmay, tashlab qo'yilgan. Tiklanish ishlari uchun tuzilgan fonddagi 21 milliard dollarning bir qismi yo'qolgan.

"Mening hisobimcha, pulning 15-20 foizi ko'kka sovurilgan. Bu 3-4 milliard dollar degani."

Pulni Iroq rasmiylari ham o'margan, deydi Stuart Boven. Prezident Nuri al-Maliki taftish o'tkazishga va'da bergan.

"Iroq hukumatida korrupsiya keng quloch yozgan," deydi Boven.

AQSh bosh inspektoriga ko'ra, Afg'onistonda qayta qurish uchun 32 milliard dollar ajratilgan. Agar xarajat ustidan nazorat qilinmasa, ayni muammolar bilan yuzlashamiz, deydi u.

"Mamlakat qashshoq, aholisi tog'li qishloqlarda, o'tish qiyin bo'lgan joylarda yashaydi. Bunday sharoitda nazorat qilish oson emas. Dala qo'mondonlari va qabila oqsoqollari orqali ishlash kerak bo'ladi," deydi Boven.