Prezident Barak Obamaning aytishicha, Kongress tasdig'idan o'tgan har qanday byudjetda u belgilagan ustuvor yo'nalishlar aks etishi kerak.
Ammo bunga muxolifatdagi respublikachilar qarshi chiqmoqda. Ular nazarida Obama taklif etayotgan 3.6 trillion dollarlik byudjetdan ortiqcha soliqlar, xarajatlar va qarzlar joy olgan.
Obamaga ko'ra, yangi byudjet federal kamomadni kamaytirishga, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga, ta'lim sohasiga sarmoya kiritishga va AQShni xorijiy neft tobeligidan xalos etishga qaratilgan bo'lishi lozim.
"Men taklif qilayotgan byudjet mamlakatimiz kelajagi uchun iqtisodiy andoza bo'lib qolishi kerak",- deydi Obama.
"Iqtisodiy o'sish ko'chmas mulk bozoridagi pufak hisobiga bo'lmasligi zarur. Energetika, ta'lim, sog'liqni saqlash sohalariga sarmoya qilish bilan haqiqiy va davomiy ravnaqqa erishish mumkin", - deydi prezident.
Ammo respublikachilar o'zgacha fikrda.
Misissippi shtati gubernatori Xeyli Barborning aytishicha, Obama byudjeti umumiy kamomadga 1,2 trillion dollar qo'shadi.
Kongressning byudjet masalalari bilan shug'ullanuvchi idorasiga ko'ra, bunday xarajatlar bilan kelasi 10 yilda kamomad 9.3 trillion dollarga ko'payadi.
Mening dasturim, deydi Obama, Amerikaning asl ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.
"Ba'zilar rejamga ishonmayapti. Ammo oldimizda turgan yirik muammolarni inkor etib bo'lmaydi. Men ushbu muammolarni kelajak avlodga meros qilib qoldirish uchun hokimiyatga kelganim yo'q. Men ularni hal qilish uchun keldim", - deydi Obama.