Guantanamodagi uyg'urlar taqdiri muhokamada

Prezident Obama AQShning Guantanamo qamoqxonasini bir yil ichida yopishga buyruq bergan. Terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinib bu turmada saqlanayotgan mahbuslar orasida uyg'urlar ham bor. Ammo advokatlari qamoqxona yopilishini kutmay, Oliy Sudga murojaat etmoqchi. Chunki ularning aybsizligi aniqlangan bo'lsada, federal appelyatsion sud ularning AQShga kirishiga qarshi.

11 sentyabr voqealaridan so'ng Tolibonga qarshi boshlangan urush paytida yuzlab kishilar jangari deb qo'lga olinib, Guantanamoga jo'natilgan. Deyarli 500 mahbusdan yarmi qolgan. 22 nafari xitoylik uyg'urlar edi. Ma'lumotlarga ko'ra, ularni afg'onlar o'g'irlab, mukofot puli evaziga AQSh harbiylariga topshirgan.

2006 yilda besh uyg'ur ozod etilib, Albaniyaga ko'chirilgan. Qolganlarining ishi bilan turli advokatlar shug'ullanmoqda. Ulardan biri, vashingtonlik Jorj Klark ikkisiga yordam beryapti.

"Ular o'tgan yil sentyabr oyigacha dushman jangchisi deb kelingan edi. Bush ma'muriyati dushman jangchilarini istalgancha sudsiz ushlab turish mumkin degan. O'tgan yili ularga nisbatan ayblovlar olib tashlangan," deydi Klark.

Uning aytishicha, Guantanamodagi uyg'ur mahbuslar na Xitoy va na boshqa davlatga qarshi harakat qilgan.

"Ular terrorchi emas. Terrorchilar tayyorgarligidan o'tmagan. Xitoydagi tuzumni o'zgartirish harakatlariga aloqasi yo'q," deydi advokat.

2004-2007 yillarda AQSh Mudofaa vazirligida mahbuslar ishi bilan shug'ullangan Charlz Stimsonning aytishicha, Guantanamodagi uyg'urlarni begunoh qochqinlar deb ta'riflash noto'g'ri.

"Bu insonlar Xitoyni terrorchilar qo'lida tayyorgarlikdan o'tish maqsadida tark etgan. Ular Davlat departamentining terrorchilar tayyorgarligidan o'tgan jangarilar ro'yxatida bor. Bekordan-bekorga ro'yxatga tushmagan," deydi mudofaa vazirining sobiq o'rinbosari.

Rasmiy Pekin ham shu fikrda va mahbuslar Xitoyga chiqarilsin deb talab qilmoqda. Xitoy AQShga bu borada bir necha marta murojaat qilgan.

Qo'shma Shtatlar uyg'ur mahbuslar Xitoyda qiynoqqa solinishi mumkin deya, rasmiy Pekin talablariga ko'nmagan.

Guantanamo yopilar ekan, u yerdagi mahbuslar taqdirini imkon qadar tez hal qilish zarur. AQSh uyg'ur mahbuslarni o'z hududiga kiritishni istamaydi. Xitoyda qiynoqlar ehtimoli tufayli ularni yurtiga qaytarish xavfli. Ba'zi davlatlar Xitoy bilan aloqani buzmaslik maqsadida AQShning ularni qabul qilish iltimosini rad etgan.

"Xitoy mahbuslarni qabul qilmang deb, davlatlarga bosim o'tkazmoqda. Mening fikrim shuki, ularning hammasi yoki ba'zilariga AQShga kirishga ruxsat berish lozim. Agar AQSh Xitoy bilan aloqani buzishni istamasa, nega boshqa davlatlar bunga ko'nishi kerak ekan, deydi advokat Klark.

Uning aytishicha, Guantanamodagi qamoqxona Xitoy emas, AQShga qarshi harakat qilgan terrorchi va jangarilar uchun tashkil etilgan. Xitoyga munosabatlari qanday bo'lishidan qat'iy nazar, uyg'ur mahbuslar AQShga qarshi xuruj rejalamagan.

Ularni terrorchi deb atayotgan Charlz Stimson uyg'ularni ozod etishdan oldin AQSh-Xitoy munosabatlari, ichki xavfsizlik, Xitoyning AQSh manfaatlariga qarshi ehtimoliy to'siq va xurujlari kabi omillarni hisobga olish kerak deydi.

"Agar Obama ma'muriyati ularni AQShga tahdid deb bilmaganida, allaqachon mamlakatga kiritgan bo'lardi. Oq Uy ularning ishlari bo'yicha men ko'rgan maxfiy axborot bilan tanish bo'lgani uchun ham mahbuslarni ozod qilishga shoshilmayapti, deydi Stimson.

Prezident Obamaning aytishicha, Guantanamo qamoqxonasi AQShni terrorchilardan himoya qilishda katta rol o'ynamagan, biroq mamlakatning jahondagi obro'siga katta putur yetkazgan.