Yaqinda AQShda islom va musulmonlar mavzusiga doir o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, 11 foiz kishi prezident Barak Obamani musulmon deb hisoblaydi.
Respondentlarning 55 foizi islom dini va ta'limoti haqida ma'lumotga ega emasligini aytgan. Bu hol o'z-o'zidan ko'plab amerikaliklarning islom haqidagi tasavvuriga ta'sir qilgan. 48 foiz odam islomga salbiy qarashini bildirgan bo'lsa, 29 foizi mo'tadil musulmonlar boshqa din vakillariga nisbatan zo'ravonlikni targ'ib qiladi deya javob bergan.
Islom va musulmonlarga nisbatan salbiy qarashga asosan respublikachilar ega - har 10 kishidan 6 nafari. Liberal demokratlarning 60 foizi aksincha islomga yaxshi ko'z bilan qaraydi. So'rov natijalariga ko'ra, ma'lumotli amerikaliklar islom haqida ijobiy fikrda.
Vashington Post gazetasi va ABC telekompaniyasi bilan birgalikda o'tkazilgan so'rovda 1000 kishi ishtirok etgan. Ateist amerikaliklarning uchdan ikki qismi islomni tinchlikparvar din deb hisoblaydi. Katoliklarning 60 foizi, protestantlarning esa 55 foizi shunday fikrda.
Eslatib o'tish joiz, musulmonlar AQShda balog'at yoshiga yetgan aholining 1 foizini tashkil qiladi. So'ralgan amerikaliklarning aksariyati Barak Obama ma'muriyati musulmon davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashi kerak deydi. 65 foizi Obama buni uddalaydi deydi, jumladan demokratlarning 88 va respublikachilarning 35 foizi.