O'zbekiston-Turkiya aloqalarida jiddiy siljish kuzatilmayapti

O’zbek ziyolilari nazarida Markaziy Osiyoning AQSh va Yevropa bilan aloqalarini mustahkamlashda Turkiyaning o’rni beqiyos.

O’zbekiston-Turkiya munosabatlari oxirgi yillarda ancha sovigan. Iqtisodiy hamkorlik bobida biroz ildam qadamlar tashlansa-da, siyosiy muloqot juda sust.

Sharhlovchilar ta’biricha, so`nggi yillarda Turkiyaning dunyo siyosatidagi o`rni bir qadar mustahkamlangan.

Ayniqsa, Afg`oniston va Eronga doir xalqaro muzokaralarda faol ishtirok etmoqda, turli xalqaro konferensiyalarga mezbonlik qilmoqda.

“Turkiya islom dunyosidagi yetakchi davlatlardan biri. Mamlakatda islomiy yo’nalishdagi siyosiy partiyalar va boshqa siyosiy kuchlar o’rtasida demokratik munosabat shakllangan. Ular davlatni mustahkamlash uchun xizmat qilmoqda. Bu noyob tajriba. Ko'pincha, islomiy partiyalar faollashgan sari beqarorlik kuchayganiga guvoh bo`lasiz. Shu jihatdan Turkiya islom davlatlari orasida yetakchi deyish mumkin. AQSh ham Turkiyaning shu tomonlariga e`tibor bermoqda. Mintaqaga siyosatini rivojlantirishda Turkiya rolidan foydalanishni maqsad qilgan”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Mamlakat turkiy davlatlar ishtirokida o`tkazilayotgan tadbirlarda ham yetakchi. Biroq turkiy davlatlar integratsiyasiga bog’liq tashabbus O`zbekiston qarshiligiga uchrab keladi.

Turkiy davlatlar yetakchilarining an`anaviy qurultoyi, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining tashkil topishida O`zbekiston ishtirok etayotgani yo`q.

“Agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga qabul qilinsa, bu shubhasiz islom davlatlari, mintaqaga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Kelajakda turkiy davlatlar o`rtasida ham Yevropa ittifoqiga o`xshash birlashma tuzilishiga da`vat bo`lishi mumkin. Bunga Turkiya namuna bo`ladi. O`zbekiston esa bunday birlashmalar tuzilishiga qarama-qarshi yo`ldan bormoqda”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, so`nggi paytda Turkiya va O`zbekiston o`rtasidagi iqtisodiy aloqalarda o`sish kuzatilmoqda. 2008 yilda o’zaro savdo aylanmasi 1 milliard AQSh dollaridan oshgani ta`kidlanadi.

2009 yilda turkiyalik ishbilarmonlar O`zbekistonga safar qildi. Toshkentda Turkiya- O`zbekiston biznes forumi o`tdi.

Farhod Tolipovning aytishicha, Turkiya va O`zbekiston aloqalaridagi turg’unlik davrining tugashi qiyin kechmoqda.

“Nazarimda, ikki davlat manfaatlari hali to`la namoyon bo’lgani yo`q, lekin biz Turkiya bilan uzoq muddatga, istiqbolli hamkorlik qilishimiz mumkin. Bu katta potensialga ega”, - deydi sharhlovchi.

Uning aytishicha, Turkiya rasmiy Toshkent bilan o`ta ehtiyotkorona munosabatda. Siyosiy, ijtimoiy-madaniy aloqalardagi hamkorlik avvalgiga nisbatan ancha cheklangan.

Turkiya va O`zbekiston aloqalari 1990-yillardan boshlab turli sohalarda tez sur’atlarda rivojlanayotgan edi. Turkiya hukumati O`zbekistondagi demokratik muxolifat bilan ham moloqot qilayotgani keyinchalik munosabatlar keskin sovushiga olib kelgan.