Eron uranni boyitish dasturida yangi yutuqlarga erishganini aytsa, AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton bu bayonotga shubha bilan qaramoqda. Shunga qaramay, deydi u, Eron atom dasturi borasida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishi va muzokaralarga qaytishi kerak.
Obama ma'muriyati Eron bilan bevosita muloqotga tayyor ekanini aytayotgan bir paytda rasmiy Tehron yadro dasturi jadallashayotgani haqida ovoza qilgan. Kecha Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod uran yonilg'isi ishlab chiqaruvchi zavod ochilishida ishtirok etib, yangi sentrifugalar sinovdan o'tkazilayotgani haqida gapirgan.
Eron rasmiylariga ko'ra, Natanz atom inshootida 7 mingta sentrifuga ishlamoqda. Ammo AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Eron bayonotini jiddiy qabul qilmagan.
"So'nggi yillarda Eron atom dasturiga doir ko'p gaplarni eshitganmiz, ammo qaysi biri haqiqatga yaqin ekanini bilmaymiz. Atom bo'yicha xalqaro agentlikning bir necha hafta burun tayyorlagan hisoboti Eron bayonotidan keskin farq qiladi," deydi Klinton.
Fevral o'rtasida chiqarilgan hisobotda agentlik Eronda 4 ming sentrifuga bor va yana bir yarim minggi sinalmoqda deyilgan edi.
AQSh va Yevropa davlatlari Eron yadro quroli ustida ishlamoqda deya da'vo qilayotgan bo'lsa, rasmiy Tehron nazarida dastur energiya olishga qaratilgan.
BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a'zo besh davlat va Germaniya ishtirokidagi guruh Eronga dasturni tugatish evaziga siyosiy va iqtisodiy yordam taklif qilgan. Bush ma'muriyati Eron uran boyitishni to'xtatmaguncha u bilan bevosita muloqot qilmasligini aytgan edi. Ammo Obama ma'muriyati shartsiz muloqotga tayyor ekanini bildirmoqda.