Tokioda Pokistonga 5 milliard dollar va'da qilindi

Yaponiyada Pokiston mavzusidagi donorlar anjumanida ushbu mamlakat iqtisodiyoti va jangarilarga qarshi kurashi uchun 5 milliard dollar va'da qilindi. Anjumanda ishtirok etgan AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, jahon hamjamiyati mintaqa barqarorligiga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Konferensiyada kutilganidan ham ko'p pul va'da qilingan. AQSh va Yaponiya bir milliard dollar, qolganini esa Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Eron beradigan bo'ldi.

"Xalqaro hamjamiyat Pokistondan yordamini ayamayotganini namoyish etdi. Pokiston xalqi buning ahamiyatini tushunib yetadi degan umiddaman," deydi AQSh vakili Xolbruk.

Pokiston g'arbida mahkam o'rnashib olgan Tolibon va al-Qoida kabi guruhlarning qayta oyoqqa turishi jiddiy xavf, deydi u.

"Bu AQSh, Hindiston, Ispaniya va Britaniyada xuruj uyushtirgan odamlar. Benazir Bxuttoni o'ldirib, mamlakat ichida qon to'kilishlariga sababchi ham shular. Aminmanki, hozir ham ular qayerdadir turib, jahonning biron bir burchagida johil reja ustida o'ylanmoqda," deydi Xolbruk.

Tokiodagi anjumanda so'zga chiqqan Pokiston prezidenti Osif Ali Zardarining aytishicha, uning mamlakatidagi jangarilarga qarshi kurash o'ta muhim.

"Bu urushni Pokiston boy bersa, butun jahon bundan zarar ko'radi," deydi Zardari.

Richard Xolbrukka ko'ra, Pokistondagi vaziyat Afg'oniston barqarorligiga bevosita bog'liq. Chegarada o'rnashgan jangarilar AQSh va koalitsiya kuchlariga hujum qilishda davom etmoqda.

Avgustda Afg'onistonda prezident saylovlari o'tadi. Xolbrukning aytishicha, Qo'shma Shtatlar hech bir nomzodni qo'llab-quvvatlamagan yoki unga qarshi chiqmagan holda saylovgacha xavfsizlikni ta'minlashga harakat qiladi. Buning uchun mamlakatga qo'shimcha harbiylar kiritiladi.