Prezident Barak Obamaning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, Afg'onistonga qo'shimcha 21 ming askarning jo'natilishi zarurat, biroq bu jangarilarni Pokistonga o'tib ketishga majburlashi mumkin. Xolbruk Senatda mintaqadagi ahvol haqida hisobot bergan.
Xolbrukning aytishicha, Qo'shma Shtatlar voqealarning ana shu ehtimolini tahlil qilar ekan, Pokistondan qo'shinlarini g'arbiy chegara tomon safarbar etishni so'ramoqda.
"Pokiston chegarada qo'shinlar sonini ko'paytirib, tayyorgarligini kuchaytirishi lozim. Biz bu borada yordam berishga tayyormiz," deydi Xolbruk.
Diplomat Senatdan Pokistonga 5 yil ichida 7,5 milliard dollarlik yordam berishga qaratilgan qonun loyihasini imkon qadar tez qabul qilishni so'ramoqda. Pul yo'llar, maktablar va kasalxonalar qurish, qashshoqlikka qarshi kurash uchun mo'ljallangan.
"Qonunning qabul qilinmasligi dushmanlarimizga qo'l keladi," deydi Xolbruk.
Biroq qonunchilar pulning sarf etilishini nazorat etmoqchi. Chunki Bush davrida Pokistonga berilgan 12 milliard dollardan ziyod pulning qayerga ketgani noma'lum, deydi demokrat senator Robert Menendez.
Xolbrukka ko'ra, pul Pokiston armiyasini kuchaytirishga sarflangan, endi esa Qo'shma Shtatlar siyosatiga tuzatishlar kiritib, harbiy yordamdan ko'ra Pokistonni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qo'llab-quvvatlamoqchi.
Tolibon Pokistonda faollashar ekan, bugun jangarilar NATOning Afg'onistondagi qo'shinlariga atalgan omborga hujum qilib, 8 ta mashinani yo'q qilgan. O'tgan hafta boshlangan operatsiya davomida Pokiston armiyasi shimoli-g'arbiy hududlarda 750 ka yaqin jangarini yo'q qilgan. Pokiston prezidenti Osif Ali Zardari jahon hamjamiyatidan urush zonasini tark etgan bir milliondan ziyod kishiga yordam berishni so'ramoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo'yicha agentligi kecha Pokistonga 120 tonna yuk yuborgan.
Islomobodda esa bugun mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka bag'ishlangan ikki kunlik anjuman boshlangan.