Rossiyada inson huquqlari - qog'ozda va amalda

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko'ra, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev saylanganiga bir yil bo'libdi hamki, mamlakatda inson huquqlari ahvolini yaxshilay olmagan.

O'tgan yili Dmitriy Medvedev Rossiyaning yangi prezidenti sifatida qasamyod keltirgach, Xalqaro Amnistiya inson huquqlari bobidagi muammolarni qog'ozga tushirib, Medvedevga maktub yo'llab, ularni bartaraf etish yo'llarini taklif qilgan edi. Murojaatnomada fikr bildirish va uyushish erkinligi, irqchilik va zo'ravonlik, tergovchilar tomonidan qiynoqqa solish hollari, uyda ayollarga nisbatan tahqirlash holatlariga e'tibor qaratilgan.

Xalqaro Amnistiyaning Rossiyadagi sho'basi rahbari Sergey Nikitinning aytishicha, Kremldan xatga javob olinmagan.

Medvedevning aprel oyida huquq faollari bilan o'tkazgan uchrashuvi tahsinga sazovor, ammo islohotlar haqidagi gaplarini Medvedev amaliy ishlar bilan isbotlashi lozim, deydi Nikitin.

O'sha uchrashuvda prezident mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq faoliyatga munosabat salbiy ekanini tan olgan.

"Bu tariximiz bilan bog'liq. Ba'zi mafkuraviy g'oyalar qoldiqlari. Inson huquqlarini davlat va bunga beparvo bo'lmagan odamlar himoyalashi zarur," degan Medvedev.

Ammo amalda, deydi huquq faoli Lev Ponomaryov, hukumat inson huquqlarini himoyalash uchun hech narsa qilmayapti. Ponomaryov o'tgan oy Moskvada noma'lum shaxslar tomonidan qattiq kaltaklangan edi. Meni faoliyatim uchun jazolashgan, deydi Ponomaryov.

"Menga hujum qilgan odamlar ba'zi jinoyatlarning fosh etilmasligini ta'minlash maqsadida shunday qilgan," deydi u.

Prezident Medvedevning aytishicha, ba'zi rasmiylarda nodavlat tashkilotlarini xush ko'rmaslikka sabab bor.

"Ular ana shunday tashkilotlar faoliyatida o'zining mutlaq hokimiyatiga tahdid ko'radi," deydi Kreml rahbari.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Sergey Nikitinga ko'ra, Medvedev huquq himoyachilariga qarshi tajovuzlarni, Rossiya qo'shinlarining Chechenistondagi jinoyatlarini tergov qilishga buyruq berib, inson huquqlari haqida amalda qayg'urishini namoyish etishi kerak.

"Chechenistonda odam o'g'irlash, ularni qiynash va o'ldirish hollari yuz bergan. Aybdorlar tergov qilinib, javobgarlikka tortilmaguncha, ahvol yaxshilanmaydi," deydi Nikitin.

"Mamlakatda inson huquqlarining poy-mol etilishiga sharoit yaratuvchi qonunlar qabul qilinmodqa. Prezident "men huquqshunosman, qonun ustuvorligini ta'minlayman" desayu, amaliyot boshqacha bo'lsa, yaxshilanishni kutmaslik kerak," deydi huquq himoyachisi Lev Ponomaryov.