Pokiston: Mojaro zonasini tark etganlar soni milliondan oshdi

Pokiston armiyasi Svot vodiysida Tolibonga qarshi amaliyotlarlarni davom ettirmoqda. Hududni tark etayotganlar soni 1 milliondan oshgan. Xalqaro tashkilotlar vaziyat yanada og’irlashadi degan fikrda.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy mamlakat gumanitar inqiroz yoqasida deb ogohlantirmoqda. BMT Qochqinlar agentligi berayotgan ma’lumotga ko’ra, jang maydonini tark etgan 1 million aholidan atigi 80 mingi ro’yxatdan o’tib, qochqinlar lageriga joylashtirilgan. Ular oqimi kuchayib borayotgani jiddiy xavotir uyg’otmoqda.

“BMT Qochqinlar agentligi maktab, korxona, park hamda fabrika va zavodlarda joylashib olgan qochqinlarni oziq-ovqat va zarur anjomlar bilan ta’minlamoqda”, deydi tashkilot so’zlovchisi Villiam Spindler. “Gumanitar ehtiyojlarni qondirish uchun millionlab dollar mablag’ zarur”.

Tinch aholi mojaro zonasini tark etishi uchun komendant soati vaqtincha bekor qilingan. Minglab odam imkoniyatdan foydalanib tinchroq hududlarga o’tib olishga harakat qilmoqda. Biroq Tolibon ular yo’lini to’sayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

BMT qoshidagi Bolalar jamg’armasi, UNICEF vakili Martin Mogvanja so’zlariga ko’ra vodiyda qolganlar yegulik tanqis va uylarda elektr toki o’chirilgan bir sharoitda jiddiy qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda.

Ular ahvolidan xabar oladigan aksariyat xalqaro va mahalliy nohukumat tashkilotlar xodimlari xavfsizlik tufayli hududni tark etgan.