AQShga kirib-chiqishda biometrik ma’lumotdan foydalanish yo’lga qo’yilmoqda, ya’ni yo’lovchini barmoq izi va jismoniy belgilariga qarab tekshirish.
Bu mamlakatga har yili o’nlab million kishi kelib ketadi. Yana bir necha million kishi esa “Green Card” – “yashil karta” sohiblari, ya’ni Amerikada doimiy yashash va ishlash hu
quqiga ega. Yo’lovchilardan shaxsiy guvohnomalar hamon talab qilinadi, ammo Amerika aeroportlari astalik bilan butunlay biometrik sistemaga o’tish harakatida.
Hamma gap barmoq izi va jismoniy belgilarda, deydi mutaxassislar. Har bir shaxsga xos elementlar. 2004 yildan beri AQShga kirgan odamdan shunday biometrik informatsiya olinar edi. Chiqishda esa asosan qo’lingizdagi hujjatga qarashar edi xolos.
“Endi bunday emas”,- deydi yangi sistema amaliyoti uchun javobgar Robert Mokni.
“Biometrik ma’lumot ham Amerikaga kirishda, ham chiqishda olinishi lozim ekanini anglab yetdik. Bu har tomonlama foydali,” – deydi u.
Sistema hozir Atlanta va Detroitdagi xalqaro aeroportlarda sinab ko’rilmoqda.
Amerika fuqarosi bo’lmagan yo’lovchilardan bu davlatga kirayotganida va chiqayotganida barmoq izi olinadi. Keyin esa bu izlar ularning viza yoki boshqa hujjatlar olayotgan paytdagi ma’lumot bilan solishtiriladi.
Hukumat, deydi mutasaddilar, Amerika sarhadiga qadam qo’yayotgan yoki uni tark etayotgan har bir inson haqida iloji boricha ko’proq axborotga ega bo’lishni istaydi.
“Viza yoki passport berilayotganida barmoq izi olinsa, bu hujjatlardan boshqa hech kim foydalana olmaydi. Ulardan boshqalarning qo’llanishi qiyin. Bilasizmi, global qora bozorda millionlab o’g’irlangan passportlar sotiladi va har kuni jahon bo’ylab ishlatiladi. Biometrik tekshiruv ana shunday jinoyatlarga nuqta qo’yadi degan umiddamiz”, - deydi Robert Mokni.
Biometrik tekshiruv usullari dunyoning turli davlatlarida joriy etilgan va etilmoqda. Keyinchalik yo’lovchilarning qog’oz hujjatlar ko’tarib yurishiga hojat qolmaydi, deydi rasmiylar. Barcha zarur ma’lumot kompyuterda, elektron shaklda saqlanadi. Muammolar bo’lishi tabiiy, ammo hozirgi tekshiruvga qaraganda mukammal ekani isbotlangan.