Al-Qoida tashkiloti Shinjondagi uyg’urlar o’limi uchun o’ch olishini ta’kidlar ekan, Xitoy “fuqarolarimizni qayerda bo’lmasin himoya qilamiz” demoqda.
Britaniyada asoslangan tahlil markaziga ko’ra, Al-Qoida Afrikada ishlayotgan Xitoy kompaniyalari xizmatchilarini nishonga olishi mumkin. Ayrim ekstremistik guruhlarning internetdagi sahifalarida bu haqda bayonot tarqatilgan.
Qit’aning Jazoir va boshqa davlatlarida Xitoyning 50 ming fuqarosi ishlaydi. Mutaxassislarga ko’ra, Al-Qoidaning Afrikadagi qanoti ularga hujumlar uyushtirishi mumkin. "Musulmonlar o’limi uchun qasos olamiz", deyiladi bayonotda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Shin Gang Afrikadagi loyihalar va fuqarolarni xavfdan asrash uchun barcha chorani ko’ramiz, deydi.
Xitoy hukumati Shinjondagi voqealar islom dunyosi bilan aloqalarga salbiy ta’sir qilishi mumkin degan taxminlarni rad etadi. “Zo’ravonlikning dinga aloqasi yo’q”- deydi vazirlik rasmiysi.
Xitoy matbuotiga ko’ra, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatidagi to’qnashuvlarda 180 dan ortiq kishi halok bo’lgan, aksariyati xitoylar. Uyg’ur faollari bu raqamlarga ishonmaydi. Kecha politsiya yana ikki uyg’urni otib o’ldirgan.
Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodir nazarida AQSh bu voqealar yuzasidan keskinroq bayonot bilan chiqishi, Xitoyni talofat ko’lami va jarohat olganlar haqida to’liq ma’lumot berishga undashi lozim.
“Prezident Barak Obama biror chora ko’rmas ekan, vaziyat o’girlashib boraveradi”, - deydi Robiya Qodir.
Xitoy namoyishlarni bostirishga keragidan ortiq kuch ishlatgani haqida so’ralganda, AQSh diplomatlari “bizda bu haqda yetarli ma’lumot yo’q” deya javob beradi.
Rasmiy Pekin Robiya Qodirni qo’zg’olon ortida turgan shaxs deb biladi. Robiya Qodir ayblovni inkor etib, xalqimni zo’ravonlikka hech qachon da’vat etmaganman deydi.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, Shinjonda xitoylashtirish siyosati davom etar ekan, aksariyat uyg’urlar tilimiz, madaniyatimiz, dinimiz xavf ostida deb hisoblaydi.