AQSh Davlat kotibasi Xillary Klinton Vashingtonda, Tashqi Aloqalar
Kengashida so’zlar ekan, Qo’shma Shtatlar Eron bilan bevosita muloqot
qilish qarorida qat’iy, dedi. Klinton Afg’oniston masalasida ham
to’xtalib, Tolibon qurolni tashlasa, tinchlik yo’lida muzokaraga
tayyormiz, deya ta’kidladi.
Xillari Klintonga ko’ra, Amerika
o’z milliy manfaatlarini himoya qilish va xalq-aro kelishmovchiliklarni
bartaraf etishga doir siyosatni davom etadi. Asosiy diqqat ittifoqdosh
davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, AQSh siyosatiga qarshi
mamlakatlar bilan esa tafovutlar yuzasidan muzokara qilishga
qaratiladi.
Demokratya va inson huquqlari mavzusi, deydi Klinton, hamon AQSh tashqi siyosati tayanadigan dolzarb masaladir.
Davlat
kotibasi shuningdek, Eron atom quroli yaratish maqsadidan qaytib,
terrorchi guruhlarni quvvatlashni bas qilsa, yaqinda o’tkazilgan
prezident saylovlari va undan keyin yuzaga kelgan vaziyatga qaramay,
Vashington Tehron bilan muloqot qilishga tayyor dedi.
"Biz
Tehron rahbariyatiga murojaat qilib, muzokara uchun barcha imkoniyatlar
yaratib berdik. Eron atom qurolini yaratish dasturidan qaytishi lozim.
Atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanayotganini isbotlasin. Eron
qo’shnilarini qo’rqitish siyosatidan kechib, terrorni himoya qilishdan
voz kechsin, shundagina konstruktiv aloqalarni yo’lga qo’yish mumkin",
- deydi Klinton xonim.
Hindistonga yo’l olgan Xillari Klinton,
kuzda Pokistonga ham borishini aytgan. Afg’onistondagi AQSh
kuchlarining xavfsizligi va bu mamlakat barqarorligi ko’p jihatdan
Pokistonga bog’liq, deydi Klinton. Davlat kotibasi Pokiston
hukumatining jangarilarga qarshi keskin kurashini olqishladi.
Terror
yo’lini tutgan toliblarga qarshi kurashamiz, biroq ular qurolni tashlab
tinch maqsadni ko’zlasa Tolibon bilan ham muzokara qilishimiz mumkin,
deydi Klinton.
"Afg’onistondagi jangarilarning hammasi ham
al-Qoida tarafdori emasligini bilamiz. Agar ular qurollarni tashlab,
afg’on jamiyatini tiklashga diqqat qaratsa toliblar bilan ham muloqotga
tayyormiz", - deydi Davlat kotibasi.
Klinton xonim Yaqin
Sharqdagi vaziyat borasida toxtalar ekan, Isroildan falastinliklar
yerida uylar qurmaslikka chaqirdi. Mintaqada tinchlik o’rnatish uchun,
Misr, Iordaniya kabi Arab dunyosining boshqa mamlakatlari ham
birlashishi lozim, deydi Klinton.
AQSh Davlat kotibasi
Hindiston safaridan so’ng, Taylandga yo’l olib, ASEAN, Janubi-sharqiy
Osiyo hamkorlik tashkiloti anjumanida qatnashadi. Yig’ilishning bosh
mavzusi Koreya yarim orolidagi vaziyat bo’lishi kutilmoqda.