Afg'onistonga gumanitar yordam yetkazish muammo

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonda minglab odam gumanitar yordamdan quruq qolayotganidan xavotirda.

Mamlakatning 60 foizi g’oyat xatarli, natijada gumanitar tashkilot xodimlari u yerga yo’lamay qo’ygan. Prezident va parlament saylovlari kuni yaqinlab bo’rayotgan Afg’onistonda vaziyat og’irlashishi mumkin, deydi BMT xodimlari.

Afg’onistonda ishlayotgan BMT xodimlari mahalliy tashkilotlar yordamiga tayanishga majbur. Bemalol harakatlanishning iloji yo’q, deydi tashkilot rasmiysi Robert Vatkins.

“Bu esa bizni noqulay ahvolga solib qo’ymoqda”, - deydi u. “Chunki yordam rostdan ham manzilga yetib bordimi, yo’qmi, tekshirib bo’lmaydi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon qanday taqsimlandi, qaysi qismi yo’qoldi – noma’llum. Bu juda tashvishli hol”, -deydi rasmiy. “Lekin mahalliy idoralar bilan ishlamasak, hudud va uning ahlini qo’ldan boy beramiz”, - deydi Robert Vatkins.

Afg’onistonda, BMT hisobicha, 235 ming fuqaro joydan-joyga ko’chishga majbur. 2.6 million aholi qo’shni davlatlarga qochgan. Xalqning uchdan bir qismi esa bir burda nonga zor.

Mamlakatda zo’ravonlik ko’lami o’tgan yilga qaraganda 24 foizga oshgan.

Robert Vatkins xalqaro tashkilot xodimlariga hujumlar ko’payganini aytadi. Yaqinda BMTning idorasiga raketa hujumi uyushtirilgan, Jahon Oziq-ovqat dasturi xodimlari o’qqa tutilgan. Nodavdat tashkilotlarga esa qaroqchi va o’g’rilardan kun yo’q. Bu xurujlar gumanitar yordam oqimini kesmoqda.

“Afg’on xalqi tibbiy yordam, emlash, maishiy xizmat kabi oddiy narsalardan uzilib qolgan. Bu esa aholi salomatligini yemirmoqda”, - deydi BMT xodimi.

Hozir Afg’onistonga 650 million dollar yordam zarur. Yil boshidan beri xalqaro hamjamiyat shuning 68 foizini ta’minlashga muvaffaq bo’lgan. Yarmi oziq-ovqatga sarflanmoqda. “Oqibatda sog’liqni saqlash, boshpana, ta’lim, sanitariya-gigiyena kabi sohalarga pul yetmayapti”, - deydi rasmiy. “Donor davlatlar yordamni turli sohalarga teng taqsimlashi kerak”, - deydi u.