Afg'onistonda saylov natijalarining 10 foizi e'lon qilindi

Afg'oniston saylov komissiyasi saylov natijalarini bugun qisman e'lon qilgan, ammo yakuniy xulosa uchun yana 10 kuncha vaqt kerak. Moliya vaziri Hazrat Umar Zahilval amaldagi prezident Hamid Karzay 70 foiz ovoz olib, g'alaba qilgan demoqda. Karzayning asosiy raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla bu da'voni inkor etgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti saylovlar bo'yicha tushgan barcha shikoyatlar ko'rib chiqilib, yakuniy natijalar e'lon qilinmaguncha sabr qilishga chaqirmoqda.

BMT maxsus vakili Kay Eyde shikoyatlar bilan shug'ullanuvchi komissiya a'zolari bilan uchrashgan. Komissiya qisman BMT tomonidan yaratilgan bo'lib, prezident va viloyat kengashlariga saylovlar bo'yicha yo'lga qo'yilgan qonunbuzarliklarni taftish qiladi. Afg'oniston qonuniga ko'ra, jiddiy shikoyatlar ko'rib chiqilmaguncha saylov natijalari e'lon qilinishi mumkin emas.

BMT vakili nomzodlar tarafdorlarini komissiya o'z ishini bitirmaguncha hissiyotlarga berilmaslikka chaqirgan.

"Men barcha nomzodlar, ularning tarafdorlari va saylovchilarni sabr-toqat qilishga da'vat etaman. Saylov natijalarining qonuniy bo'lishi juda muhim," deydi Kay Eyde.

Prezident Hamid Karzay va Abdulla Abdulla vakillari bir-birini noqonuniy usullardan foydalanganlikda ayblaydi.

BMT rasmiysi saylov kuni qo'shib-yozishlar va boshqa turdagi qonunbuzarliklar bo'lganini tan olib, bu hol saylovdan oldin ham kuzatilgan deydi.

Saylov komissiyasi jarayonda qancha fuqaro qatnashganini ham hozircha oshkor etmayapti. Ba'zilar nazarida saylovlarda juda kam odam qatnashgan.

Bugun 2400 saylov uchastkasidan olingan natijalar e'lon qilingan. Bu umumiy ovozlarning 10 foizini tashkil qiladi. Ularga ko'ra, Karzay 40.6 foiz olib, Abdulla Abdulladan ikki foiz oldinda ketmoqda. Saylov komissiyasi vakillari har kuni oz-ozdan raqamlarni chiqarishini aytmoqda. Yakuniy natija 3 sentyabrda e'lon qilinishi kutilmoqda. Agar hech bir nomzod 50 foizdan ko'p ovoz olmasa, oktyabr boshida saylovlarning ikkinchi bosqichi o'tkaziladi.

Bu o'rtada mamlakatda qonli xurujlar davom etmoqda. Bugun janubda bomba portlashidan to'rt amerikalik askar o'lgan. Yil boshidan beri jami 295 xorijiy zobit halok bo'lgan. O'tgan yilgi talofatlar 294 kishi edi.