Afg'oniston bo'yicha strategiya o'zgarishi mumkin

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal Afg'oniston bo'yicha strategiyani qayta ko'rib chiqib, mamlakatdagi ahvol bo'yicha o'z tavsiyalarini taqdim etgan. Uning aytishicha, vaziyat jiddiy, biroq shunga qaramay muvaffaqiyatga erishish mumkin. Buning uchun amaldagi strategiyaga o'zgartirish kiritish zarur, deydi general.

Afg'onistondagi urushni terrorga qarshi kurashdagi asosiy front deb atagan prezident Barak Obama iyun oyida qo'mondonlarga Pokiston va Afg'oniston bo'yicha strategiyani qayta ko'rib chiqishni topshirgan edi. Zo'ravonliklarning tobora kuchayib borayotgani va Afg'onistondagi prezident saylovlari natijalarining mavhumligi AQShni xavotirga solmoqda.

"Nyu-York Tayms" gazetasida yozilishicha, Afg'onistondagi qo'mondonlar ularning oldiga qo'yilgan vazifani bajarish uchun qo'shinlar kamligiga ishora qilgan.

"Vashington Post"ga ko'ra, general Makkristal tayyorlagan hujjat maxfiy bo'lib, undan qanday tavsiyalar o'rin olgani hozircha ma'lum emas. Ammo ba'zi manbalarga ko'ra, Makkristal qo'shinlarni aholi zich yashaydigan hududlarda saqlash maqsadga muvofiq degan xulosa bilan chiqishi mumkin.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Amerika aholisining Afg'onistondagi urushga munosabati tobora salbiylashmoqda. Obamaning reytingi ham tushib bormoqda. Ba'zi qonunchilar hattoki Oq uydan askarlarni Afg'onistondan chiqarishga muhlat belgilashni talab qilmoqda.

Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko'ra, Pentagon Afg'onistondagi urushni yoritayotgan muxbirlarni yaxshi va yomoniga bo'lmoqda. Mudofaa vazirligi aslida maqolalar yaxshi-yomonga bo'linmoqda, biroq bu muxbirlarga nisbatan munosabatga ta'sir qilgani yo'q deya o'zini oqlamoqda.

Ayni damda Afg'onistonda koalitsiya 103 ming qo'shinga ega. 63 minggi amerikalik. Yil oxirigacha ularga yana 7 ming harbiy qo'shilishi kutilmoqda.

Bugun janubdagi xurujlarda amerikalik ikki harbiy o'lgan.