AQSh: Afg'on saylovlaridagi qonunbuzarliklar tabiiy hol

Kecha AQSh, Fransiya va yana o'ndan ziyod davlat vakillari Parijda uchrashib, Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qilgan. Ular jangarilarga qarshi kurashni va mamlakatni qayta tiklash ishlarini davom ettirishga kelishib olgan.

Uchrashuv ishtirokchilariga ko'ra, unda Afg'oniston bo'yicha strategiya qayta ko'rib chiqilgan. AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk yaqinda o'tgan prezident saylovlariga to'xtab o'tdi.

"Har bir saylovlarda qandaydir darajada qonunbuzarliklarning bo'lishi tabiiy hol. Hattoki urush qilmayotgan demokratik jamiyatlarda ham. Masalan, yaqinda Minnesota shtatida senatga bo'lgan saylov natijalarini aniqlash uchun yetti oy ketdi. Jarayon bo'yicha juda ko'p shikoyatlar tushgan edi. Afg'onistonda natijalarni bundanda tezroq bilib olamiz degan umiddaman," deydi Xolbruk.

Afg'onistonda saylov natijalarining juda oz qismi oshkor etilgan. Ularga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 40 dan ziyod foiz bilan oldinda ketmoqda, biroq mutlaq g'alaba uchun 50 foizdan ko'p ovoz to'plash kerak. Aks holda eng yaxshi natijaga erishgan ikki nomzod keyingi bosqichda bellashadi.

Xolbrukning aytishicha, Qo'shma Shtatlar saylovlarda hech bir nomzodga yon bosmagan, hozir ham betaraf.

"Biz saylov komissiyasi nazorati ostida o'tgan adolatli jarayon tarafdorimiz. Chunki ana shunday jarayon orqali saylovchilar xohish-irodasini ifoda etuvchi qonuniy hukumat tarkib topadi," deydi Xolbruk.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner Parijda saylovlar emas, asosan Afg'onistonga kelajakda iqtisodiy yordam ko'rsatish muhokama qilindi, deydi. Buning uchun esa xavfsizlikni yaxshilash zarur. Bu vazifa bajarilmaguncha koalitsiya kuchlari mamlakatni tark etishi mumkin emas, deydi Fransiya rasmiysi.

Ahvol esa mamlakatda hamon tarang. Kecha Lag'mon viloyatida yangi qurilgan masjid yonida bomba portlab, 23 kishi, jumladan razvedka xizmatining mahalliy rahbari o'lgan.

Janubdagi Hilmand viloyatida esa bomba xurujidan britaniyalik bir askar jon bergan. 2001 yildan beri Britaniya jami 211 harbiysini yo'qotgan. Bugun esa, NATOga ko'ra, Qandahorda bir necha xurujlarga aloqadorlikda ayblangan bir jangari qo'lga olingan.