Afg'onistonda prezident saylovlarida berilgan ovozlarning 92 foizi hisoblab bo'lingan. Unga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 54 foiz ovoz bilan oldinda. Bu unga birinchi bosqichdayoq g'alaba qilish uchun yetarli natija. Biroq saylov komissiyasi e'lon qilgan natijalarni saylov bo'yicha shikoyatlar bilan shug'ullanuvchi idora puchga chiqarishi mumkin.
Ushbu idora BMT ishtirokida tuzilgan bo'lib, ayni damda 650 ka yaqin jiddiy da'volarni ko'rib chiqmoqda. Unga ko'ra, 600 ta saylov uchastkasidan olingan natijalar soxtalashtirish hollari haqidagi shikoyatlar sabab bekor qilingan. Shikoyatlar komissiyasi raisi Grant Kippenning aytishicha, Karzay ushbu uchastkalarda 100 foiz ovoz olgan.
Mamlakat bo'ylab Karzay foydasiga 800 ga yaqin soxta uchastkalar ochilgani haqida ham xabarlar bor. "Nyu-York Tayms" gazetasining afg'on va g'arb rasmiylari ma'lumotlariga tayanib aytishicha, soxta ovozlarni qo'shib hisoblaganda Afg'onistondagi saylovchilar sonidan 10 karra ko'p ovozlar qayd etilgan.
Karzayning 28 foiz ovoz olgani aytilayotgan asosiy raqibi Abdulla Abdulla xalqaro hamjamiyat qonunbuzarliklarni taftish qilsin deydi.
"Agar jarayonga vaqtida aralashilmasa va Afg'onistonning bo'lajak hukumati hozirdanoq yolg'onga asoslangan bo'lsa, davlat adolatli ravishda boshqariladi deb bo'lmaydi," deydi doktor Abdulla.
Vashingtondagi Brukings tahlil instituti xodimi Bryus Ridelning aytishicha, vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo'li - saylovlarning ikkinchi bosqichini o'tkazish, ya'ni eng yaxshi natijaga erishgan ikki nomzod ishtirokida.
"Ikkinchi bosqich natijalariga ishonch ko'proq bo'ladi. Afg'onlar ham ularning ovozlari inkor etilmaganini ko'radi," deydi siyosatshunos.