Ukraina va Gruziya NATOga qachon a'zo boladi?

Sovuq urush davrida g'arbiy davlatlar ittifoqi hisoblangan NATO Sovet Ittifoqi qulagach, Sharqiy va Markaziy Yevropa hamda Boltiqbo'yi davlatlarini o'z safiga qabul qila boshladi. A'zolik uchun navbatda Ukraina va Gruziya ham turibdi. Ammo ularning qachon qabul qilinishi mavhum. Bunga texnik va siyosiy sabablar bor.

1991 yildan beri NATOga yana 12 davlat qo'shilib, alyans a'zolari soni 28 taga yetdi. Ukraina va Gruziya ham ko'pdan beri shunga intiladi. NATOning o'tgan yilgi Buxarest sammitida ularni tashkilotga qabul qilishga va'da berilgan, ammo bu qachon bo'lishi belgilanmagan.

Kanadadagi Alberta universiteti professori Deyvid Marpls singari mutaxassislar nazarida Rossiya bilan san-manga borishni istamagan ba'zi a'zolar ishning beliga tepmoqda.

"Bular - Fransiya va Germaniya. Alyansning eng qudratli davlatlari Ukraina va Gruziya a'zoligini sekinlashtirmoqda," deydi u.

Londonlik tahlilchi Jeyms Sherr nazarida rasmiy Moskva NATOning sharq tomon kengayishiga umuman qarshi. Ukrainaning alyansga a'zo bo'lishiga esa ikki karra qarshi.

"Ukraina Rossiya uchun nafaqat qo'shni davlat, balki o'zligining bir qismidir. Negizida Kiyev Rusi bor. NATOning Ukrainaga nisbatan har qanday harakati Rossiya tomonidan tahdid deya baholanadi. Bundan tashqari Kreml NATOda AQSh qudratining aksini ko'radi. AQShga esa ishonch yo'q. Rossiya Qo'shma Shtatlarni uning zaiflashishidan manfaatdor deb biladi," deydi Sherr.

Iyul oyida Kiyevga safar qilgan vitse-prezident Jo Bayden AQSh Ukrainaning NATOga a'zolik harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi degan edi.

"Qo'shma Shtatlar Ukraina mustaqilligi, ozodligi va hududiy daxlsizligini qo'llab-quvvatlab, har qanday tashkilotga qo'shilishni shaxsiy ishi deb biladi."

Bayden Gruziyaga borib ham shu mazmunda so'zlagani Rossiya tanqidiga uchragan edi.

AQSh Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha mutaxassisi bo'lib ishlagan Deyvid Kreymerning aytishicha, NATOga a'zo bo'lishdan oldin Gruziya va Ukraina ba'zi talablarni bajarishi lozim.

"NATOga a'zo bo'lish uchun oddiy bir arizani to'ldirish bilan ish bitmaydi. Siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bobida ma'lum islohotlarni amalga oshirish kerak. Ukraina va Gruziya ba'zilarining uddasidan chiqdi xolos. Bu - uzoq jarayon," deydi Kreymer.

Chikago universiteti professori Ronald Suni boshqa sabablarni ham tilga oladi.

"AQSh ularni og'zaki qo'llab-quvvatlayapti, biroq yevropaliklar ikkilanib turibdi. Siyosiy jihatdan tetik bo'lmagan davlatlarni tashkilotga qabul qilishga oshiqish yo'q. Gruziya harbiy islohotlarni oxirigacha yetkazishi zarur. Abxaziya va Janubiy Osetiyasiz yaxlit davlat emas. Ukrainada esa aholining katta qismi NATOga kirishni istamaydi," deydi Suni.

Shu sabab, ekspertlar fikricha, bu mamlakatlarning alyansga qachon a'zo bo'lishini hech kim bilmaydi.