1 oktyabr kuni 5+1 guruhi, ya'ni BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a'zosi va Germaniya diplomatlari bir yillik tanaffusdan so'ng Eron bilan yadro dasturi bo'yicha muzokara qiladi. Davlat kotibining siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Uilyam Byorns AQSh delegatsiyasiga boshchilik qiladi.
Muzokaralar Yevropada bo'ladi, ammo aynan qaysi davlatda o'tishi hali aniqlanmagan. AQSh Erondan atom maqsadlarini oydinlashtirishni so'raydi. Muloqot g'oyasi o'tgan hafta Erondan chiqqan.
Uranni boyitish dasturidan voz kechish evaziga yirik davlatlar aprel oyida Tehronga iqtisodiy va siyosiy yordam taklif qilgan. Eron muloqotga tayyormiz, ammo yadro dasturidan qaytilmaydi, chunki Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitim atomdan tinch maqsadlarda foydalanishni man etmaydi deydi.
G'arb esa Eron atom quroli ustida ishlayapti degan fikrdan qaytmagan.
Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, Eron aprel oyida qilingan takliflarga haligacha javob bermagan.
"Kelasi oy bo'ladigan muzokaralarda ulardan bu borada ravshan javob olamiz degan umiddamiz," deydi Kelli.
Uning aytishicha, Eron hamkorlik yoki yakkalanish yo'lini tanlashi mumkin.
Eron niyatidan qaytmasa, Obama ma'muriyati Xavfsizlik Kengashi orqali unga qo'shimcha sanksiya qo'ymoqchi, biroq Rossiya bunga ko'nmayapti.
Qo'shma Shtatlar Eron bilan muzokaralar BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidan oldin bo'lishini istagan edi, ammo, deydi ba'zi rasmiylar, muloqotning sessiyadan keyin bo'lishi ham katta gap.