BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissari Antonio Guterresning aytishicha, jahon bo'ylab qochqinlarga o'z eshiklarini yopayotgan davlatlar soni ortib bormoqda, bu esa urush va zulmdan qochayotgan odamlar hayotini xavf ostiga qo'ymoqda. Jenevada qochqinlar mavzusida yillik anjuman o'z ishini yakunladi.
Antonio Guterres jahonda insonparvarlik hissi pasayib bormoqda va bu tashvishga molik deydi. Uning aytishicha, qochqinlarga yordam berayotgan xizmatchilar ishi tobora qiyinlashib bormoqda. Ba'zi hollarda hukumatlar ularning ishiga to'siq qo'ymoqda. Xususan insonparvarlik ishlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar Sudanning Darfur mintaqasidan haydab chiqarilgan.
Boy davlatlar iqtisodiy tanazzul va ishsizlik sabab xavfsizlikka muhtoj odamlardan yuz o'girmoqda, deydi Guterres.
"Ba'zi mamlakatlarda ksenofobiya, o'zgalarga adovat hissi kuchayib, hukumatlar ulardan boshpana so'ragan odamlarga rad javobini bermoqda," deydi BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissari.
Antonio Guterresga ko'ra, natijada xavfsizlik va boshpanaga muhtoj odamlar inson savdosi qurboniga aylanmoqda.
Yevropada Afrika va Osiyodan borgan boshpana izlovchilarga munosabat sovuq. Ayniqsa noqonuniy yo'llar bilan dengiz yo'li orqali borib qolganlar qamoqqa tashlanmoqda yoki dengizga qaytarilmoqda, deydi Guterres.
"Ushbu sohada ish ko'payib bormoqda, resurslar esa kamayib," deydi Guterres.
BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligiga ko'ra, jahon bo'ylab 42 million odam mojaro, ichki nizo yoki ta'qiblar oqibatida uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan. Ularning 25 millioni agentlikdan yordam olmoqda.
Guterresga ko'ra, Pokiston, Afg'oniston va Kongo Demokratik Respublikasi insonparvarlik bilan shug'ullanish o'ta xavfli bo'lgan mamlakatlardir.