Xitoyda olti uyg'urga o'lim jazosi berilgan

Xitoy sudi uyg'urlar yashovchi Shinjon viloyatida iyul oyida bo'lgan qonli namoyishlarda bir necha kishini aybdor deb topib, olti nafarini o'lim jazosiga mahkum etgan. Namoyishlarda rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, taxminan 200 kishi o'lgan, 1600 dan ziyodi jarohat olgan edi.

Sud qaroriga ko'ra, yana bir kishiga umrbod qamoq jazosi belgilangan. Ularning hammasi uyg'ur millatiga mansub ekani aytilmoqda. Shinjon hokimiyati vakili Li Jining aytishicha, hukm xolisona chiqarilgan.

"Oddiy xalq sud qaroriga qanday munosabat bildirishi hozircha noma'lum. Yaqin kunlarda yana bir necha kishiga hukm o'qilishi kutilmoqda. Jarayon qonun doirasida o'tmoqda," deydi rasmiy.

Jahon uyg'urlar kongressi vakili Dilshod Rashidning Amerika ovoziga aytishicha, sud adolatsiz o'tgan, ayblanuvchilar himoya bilan kerakli ravishda ta'minlanmagan.

"Sud tayinlagan advokatlar Xitoy hukumati foydasiga ish tutdi xolos," deydi faol.

O'tgan hafta bir kishi o'limga, boshqasi esa umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. Rasmiy matbuotda bu haqda ko'p ma'lumot berilmagan, ammo ismlaridan ularning xitoy ekani aytilmoqda. Ular iyun oyida Guandon viloyatidagi fabrikada etnik to'qnashuvlarga aloqadorlikda aybdor deb topilgan. O'shanda ikki uyg'ur ishchisi o'ldirilgan edi.

Guandondagi voqeadan g'azablangan uyg'urlar iyul oyida Shinjonda namoyish qilgan. Uyg'urlar va xitoylar o'rtasidagi to'qnashuvda 200 ga yaqin kishi nobud bo'lgan. Ammo uyg'urlarga ko'ra, xitoylar va hukumat askarlari 500 ga yaqin uyg'urni o'ldirgan.