Obama Afg'onistonga yana 35 ming askar jo'natishi mumkin

Prezident Barak Obama “Afg’onistonda ishni oxiriga yetkazamiz, mintaqada Al-Qoida ildizini quritamiz”, deydi. Yangi strategiya kelasi hafta e’lon qilinishi kutilmoqda. Obama Afg’onistonga qo’shimcha 35 ming harbiy jo’natishni buyurishi mumkin.

Prezident Obama kuni-kecha harbiylar, maslahatchilar bilan majlis qilib, nihoyat bir to’xtamga kelgan. Sakkiz yillik urushdan so’ng Afg’onistondagi harbiy strategiyaga tuzatish kiritiladi.

Barak Obama reja tafsilotlarini tez kunda e’lon qilishga va’da bermoqda. Prezident uzoq maslahat qilib, har xil yo’llar-yechimlar ustida o’ylangan. Afg’onistonga qo’shimcha harbiy jo’natish shular jumlasidan.

Qaror hadeganda e’lon qilinavermagach, Obama sha’niga tanqidiy so’zlar yangray boshlagan. Prezident esa “bu ishda shoshqaloqlik qilish yaramaydi” deya javob qiladi.

“Sakkiz yillik urush”, deydi Obama, “AQSh xalqiga ham qimmatga tushdi. Bu ishni yakuniga yetkazish qarorim qat’iy” deydi prezident.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar ahli Afg’onistondagi urushdan charchagan, uni yoqlovchilar soni kamayib bormoqda. Lekin Obama fikricha odamlar yangi reja bilan tanishgani zahoti uni qo’llab-quvvatlaydi.

“Afg’onistonda toabad qolish niyatimiz yo’q”, deydi Obama. “Mamlakatda shunday sharoit yaratish kerakki, mahalliy qo’shin xalqni xavfdan mudofaa qila olsin, AQSh o’g’il-qizlari vataniga qaytsin”, deydi u.

Hozir Afg’onistonda amerikalik 68 ming askar xizmat qilmoqda.