AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Obama ma'muriyati jahon bo'ylab inson huquqlarini targ'ib qilishga amaliy yondashadi.
Masalan, Eron hukumatini yadro qurolidan voz kechishga undagan holda mamlakatdagi demokratik kuchlarni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz, deydi u.
Xillari Klintonning aytishicha, Barak Obama ma'muriyati barcha davlatlardan fundamental huquqlarning ta'minlanishini talab qilib, bu boradagi ahvolni sinchkovlik bilan o'rganadi, jumladan AQShning o'zida ham. Biroq ayrim davlatlar bilan bu ishni diplomatik ravishda, yopiq eshiklar ortida qilgan ma'qul. Masalan, Xitoy va Rossiya bilan.
"Xitoyda tibetliklar va uyg'urlar huquqlarining himoya etilishiga da'vat etamiz. So'z va e'tiqod erkinligi ta'minlanishi zarur. Fuqarolik jamiyati va diniy tashkilotlarga qonun doirasida o'z faoliyati bilan bemalol shug'ullanishga ruxsat berilishi kerak. Konstitutsiya doirasida tinch yo'l bilan islohotni targ'ib qilayotgan odamlarni ta'qib etmang. Rossiyada esa demokratiya uchun jonini fido qilgan jurnalist va faollarning o'limini qattiq qoralaymiz", - deydi Xillari Klinton Vashingtondagi Jorjtaun universitetidagi ma'ruzasida.
Unga ko'ra Xitoy va Rossiya kabi qudratli davlatlar bilan ish qilganda siyosat muvozanat bo'lishi kerak. Kichikroq mamlakatlarda demokratik o'zgarishlarni amalga oshirishda do'q-po'pisa yoki yakkalatish siyosati ish bermaydi. Klinton shuningdek ayollar huquqlarini himoya qilishga chaqirib, inson savdosiga qarshi kurash AQSh hukumati oldidagi ustuvor vazifalardan degan.