O'zbekistondan tazyiqlarni to'xtatish, faollarni ozod etish so'ralmoqda

O'zbekistonda 27 dekabrga rejalangan parlament saylovlariga so'nggi tayyorgarliklar ko'rilar ekan, AQShdagi Freedom House va Human Right Watch kabi xalqaro tashkilotlar huquq faollariga bosim o'tkazilayotganidan xavotir bildirib, rasmiy Toshkentni siyosiy mahbuslarni ozod etishga chaqirgan.

Markazi Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti bayonotiga ko'ra, siyosiy muxolifatchilar va huquq faollariga bosim kuchaygan, do'q-po'pisa qilinmoqda, ular kaltaklanib, nazoratga olinmoqda. O'nga yaqin faol uy qamog'ida saqlanmoqda, saylovdan oldin uydan chiqmaslikka buyurilgan. Olti nafar faolning pasportlari olib qo'yilgan.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bo'limi boshlig'i Holly Cartner O'zbekistonda faollarga bosimning kuchayishini kutganmiz, biroq xalqaro jamoatchilikning masalaga nisbatan sustkashligidan taajjubdamiz, deydi.

Human Rights Watch, shuningdek, O'zbekistonda matbuot erkinligi bo'g'ilganini aytib, norasmiy senzura mavjudligini, xalqaro jurnalistlarga akkreditatsiya berilmayotganini ta'kidlaydi.

Markazi Vashingtonda joylashgan yana bir tashkilot - Freedom House ham O'zbekiston rahbariyatini qamoqdagi siyosiy mahbuslar va huquq faollarini ozod qilishga chaqirgan.

Tashkilot vakillari "Serquyosh O'zbekistonim" koalitsiyasi lideri Sanjar Umarov ozod etilganidan mamnuniyat bildirar ekan, qamoqxonalarda yana o'nlab faollar saqlanayotganini qoralaydi. Prezident Karimov Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan nutqida mamlakatda demokratiyani rivojlantirish borasida bong urdi. Shunday ekan rasmiy Toshkent hibsdagi faollarni ozod qilishi kerak, deyiladi Freedom House - Ozodlik Uyi bayonotida.

Tashkilotning siyosiy erkinliklar va fuqarolar huquqi bo'yicha chop etilgan so'nggi hisobotida O'zbekiston erkin bo'lmagan mamlakatlar ro'yxatiga kiritilgan edi. Ayni paytda esa eng repressiv rejimlar qatoridan joy olgan.