Prezident Barak Obamaning terrorga qarshi kurash bo'yicha maslahatchisi Jon Brennanning aytishicha, Yamanda AQSh elchixonasining yopilishiga al Qoidaga aloqador guruh sababchi. AQShda Yangi yildan oldin samolyotni portlatish harakatiga ham shu guruhning aloqadorligi aytilmoqda.
"Al Qoida arab davlatlarida elchixonalarimizga qarshi xuruj uyushtirmoqchi bo'lgani haqida ma'lumot olganimizdan so'ng, xodimlarimiz xavfsizligini ta'minlash maqsadida vakolatxonamizni yopishga qaror qildik", - deydi Oq uy rasmiysi.
Ayni damda terror xavfining oldini olish uchun Yaman hukumati bilan hamkorlik qilyapmiz, deydi u.
Uning aytishicha, terrorchilar Yamanda boshpana topmoqda.
"Ushbu jiddiy tahdidga qarshi kurashish uchun Yamanga zarur yordam beryapmiz", - deydi Jon Brennan.
Xususan Qo'shma Shtatlar va Britaniya mamlakatda yangi aksil-terror politsiya bo'linmasini ochishga mablag' ajratmoqchi. AQSh Yamanga xavfsizlik dasturlari uchun beriladigan 70 million dollarlik yordamni ikki karra ko'paytirishini bildirgan. Terror xavfi bois Britaniya va Fransiya hukumatlari ham elchixonalarini yopishga majbur bo'lgan.
AQSh rasmiysi nazarida Yangi yil bayramidan oldin Amsterdamdan Detroytga uchayotgan samolyot ichida xuruj uyushtirishga uringan nigeriyalik Abdulmutallab ismli odam Yamanda tayyorgarlikdan o'tgan.
Yaman hukumati bugun poytaxt Sano yaqinida ikki terrorchini o'ldirgani haqida ma'lum qilmoqda.