BMTning Afg'onistondagi vakili Kay Aydening aytishicha, mamlakatda ahvol yaxshilanmas ekan, uni keyinchalik jilovlash amri mahol bo'ladi. Hokimiyatni xorijiy kuchlardan afg'onlarga imkon qadar tezroq qaytarishning eng to'g'ri yo'lini topish kerak, deydi BMT diplomati.
Mart oyida vakolati tugayotgan Kay Ayde bu haqda Xavfsizlik Kengashida hisobot bergan. Uning aytishicha, harbiy kuch va moliyaviy yordam ajratayotgan davlatlar jamoatchiligi mojaroning keti ko'rinmayotganidan, afg'on xalqi esa unga berilgan va'dalarning bajarilmayotganidan toqatsizlanmoqda.
"Muammolar hal etilmasa, ularning barchasi to'planib, nazoratdan chiqib ketadi", - deydi u.
Bugun Afg'oniston sharqidagi Xost viloyatida mahalliy hokim idorasi yonida kuchli bomba portlab, Tohir Xon Sabariy va uning bir necha xodimlari yaralangan. Bomba viloyat hokimligi yonidagi axlat qutisiga yashirilgani aytilmoqda. Paktika viloyatining Gardez shahrida esa suiqasd bombachi xurujidan 8 kishi o'lgan, 24 nafari jarohat olgan.
Kecha Xost viloyatidagi bozorda ham xuruj sodir etilib, 9 kishi o'lgan edi. Bir hafta burun esa suiqasd bombachi AQSh harbiy bazasi ichida o'zini portlatib, AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining 7 xodimini nobud qilgan edi.
Kay Ayde nazarida bu kabi zo'ravonliklarga yolg'iz harbiy kuch bilan chek qo'yib bo'lmaydi. Kuchli fuqarolik institutlarini barpo etish zarur. Barcha ishlarni BMT orqali muvofiqlashtirish lozim, deydi u.
28 yanvar kuni Londonda Afg'oniston mavzusida xalqaro anjuman o'tkaziladi. Britaniyaning Afg'onistondagi elchisi Mark Layall Grantning aytishicha, konferensiyada uchta asosiy masalaga diqqat qaratiladi: xavfsizlik, taraqqiyot va davlat boshqaruvi. Bahorda esa Kobulda yana bir anjuman o'tkazilishi rejalanmoqda.
BMT elchisi Kay Ayde jang qilayotgan barcha mahalliy guruhlar bilan murosa qilish lozim, jumladan Tolibon bilan, deydi. Biroq buning uchun, deydi Afg'onistonning BMTdagi elchisi Zohir Tanin, Xavfsizlik Kengashi zo'ravonliklarni qoralagan va tinchlik muzokaralarida ishtirok etmoqchi bo'lgan toliblarga nisbatan sanksiyalarni olib tashlashi kerak.