Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, Eron jurnalistlarni ta'qib etishda jahonda yetakchi o'rinda. Ayni damda mamlakat qamoqxonalarida 42 ga yaqin muxbir bor.
"Chegara bilmas muxbirlar" Eronni jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamoqxona deb ataydi. Unga ko'ra o'nlab muxbirlar sud va so'roqsiz ushlab turilibdi, boshqalari esa soxta ayblovlar bilan qamoqda.
Hafta boshida Eron parlamentidagi 36 nafar konservativ qonunchi prezident Mahmud Ahmadinejodni qo'llab-quvvatlab, yangi qonun loyihasini ishlab chiqqan. Unga ko'ra, qamalgan barcha muxolilfatchilar "Olloh dushmanlari" deya tamg'alanadi va qamalganidan 5 kun ichida qatl etilishi kerak. Appelyatsiya vaqti 25 dan 5 kunga qisqartiriladi.
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti xodimi Rizo Moiniyning aytishicha, ayni damda 42 jurnalist qamoqda.
"Biroq ularning soni bundan-da ko'p bolishi mumkin, chunki ba'zilari maxfiy ravishda hibsga olingan".
Moiniy yangi qonun tashvishga molik, deydi.
Bir vaqtlar Eron Jurnalistlar uyushmasiga bosh bo'lgan taniqli jurnalist Masholloh Shams al Voizin ham ikki hafta burun hukumatning namoyishchilarga qarshi zo'ravonliklarini tanqid qilgani uchun qamoqqa olingan.
Voizin oldin ham prezident Ahmadinejodni tanqid qilgan. Ayniqsa hokimiyatga 2005 yilda kelganidan so'ng islohotchi gazeta va jurnallarni yopa boshlagach.
Unga ko'ra, Ahmadinejod prezidentligi davrida jami 25 ga yaqin gazeta va jurnallar yopilgan.
Bugun ma'lum bo'lishicha, Eronning Norvegiyadagi elchixonasi bosh konsuli Muhammad Rizo Haydariy hukumatining namoyishchilarga nisbatan zo'ravonliklariga qarshi norozilik bildirib, lavozimidan bo'shagan.