AQSh va NATO razvedkasining Afg'onistondagi faoliyati tanqid ostida

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts lavozimida yana bir yil qolishni ko'zlar ekan, bu juda ham muhim davr bo'lishi aytilmoqda. Iroqda avgustgacha amerikalik askarlar soni 50 mingga qisqarib, Afg'onistonda 30 mingga ko'payadi.

Bu o'rtada AQSh va NATOning Afg'onistondagi yetakchi ofitserlari razvedka faoliyatiga baho berib, unga o'zgartirishlar kiritishni taklif etgan.

Harbiylar hisobotida aytilishicha, G'arb razvedkasining Afg'onistondagi faoliyati so'nggi 8 yil ichida samarasiz bo'lgan. Ular to'plagan ma'lumotlar qo'mondonlar va siyosiy rahbarlarga qo'l kelmagan. Razvedka strategiyani amalga oshirishga yordam bermay, askarlar hayotini xavf ostiga qo'ymoqda, deyiladi hujjatda.

Uning muallifi AQSh va NATOning Afg'onistondagi harbiy razvedkasi rahbari general-mayor Maykl Flin. U ish uslubini o'zgartirishni taklif etar ekan, tahlilchilar faqat jangari guruhlar faoliyati haqida ma'lumot to'plamasdan afg'on xalqini ham yaxshiroq o'rganishi zarur, deydi.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Morellning aytishicha, Mudofaa vaziri Robert Geyts hisobot bilan tanishib, undagi xulosalarni yuqori baholadi.

"Bu juda ham sinchkov hujjat. Razvedkaning o'z faoliyatiga tanqidiy nazar tashlashi uning sog'lom va qudratli tashkilot ekanidan dalolatdir", - deydi Pentagon rasmiysi.

Konservativ Xeritij jamg'armasi mutaxassisi Jeyms Fillips nazarida hujjatdagi tanqidiy qarashlarning barchasi o'rinli.

"Axborot to'plash usullarini allaqachon isloh qilish kerak edi", - deydi u.

Tahlilchilar nazarida asosiy maqsad jangarilarni yo'q qilish emas, balki tinch aholini himoya qilib, ishonchini qozonish. Buning uchun esa afg'on xalqi madaniyati, mahalliy boshqaruv tizimlarining qanday ishlashi va turli etnik guruhlar o'rtasidagi munosabatlarni yaxshi tushunish kerak, deydi Fillips.

Brukingz instituti mutaxassisi Maykl O'Xanlonning aytishicha, bunday yondashuv prezident Obamaning afg'on strategiyasida ham yaqqol aks etgan.