Yakshanba kuni Ukrainada prezident saylovlari o'tkaziladi. Asosiy nomzodlar - Bosh vazira Yuliya Timoshenko va "Regionlar" partiyasi raisi Viktor Yanukovich. Navbatdagi lavhada saylovoldi manzaraga nazar tashlaymiz.
Jami saylovlarda 18 kishi nomzodini qo'ygan. Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Yanukovich 30 foiz, Timoshenko esa 20 foiz ovoz to'plashi mumkin. Hech bir nomzod 50 yoki undan ortiq foiz ovoz olmasa, eng yuqori natijaga erishgan ikki nafari fevral oyida saylovlarning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi.
Amaldagi prezident Viktor Yushchenko yangi muddatga saylanmoqchi, biroq mutaxassislar unga atigi 3 foiz ovoz bashorat qilmoqda xolos.
Kanadadagi Alberta universiteti professori Deyvid Marplsning aytishicha, Yushchenko ikkinchi bosqichga chiqaman deya umid qilmoqda, ammo bunday bo'lishi amri mahol.
"Uning reytingi mamlakat bo'ylab tushib ketgan", - deydi mutaxassis.
2004 yildagi Qo'ng'ir inqilob to'lqinida hokimiyat tepasiga kelgan Yushchenkoning yuz minglab tarafdorlaridan 5 yil o'tib asar ham qolmadi. Inqilob paytida berilgan va'dalar bajarilmay qolib ketdi. Bosh inqilobchilar Viktor Yushchenko va Yuliya Timoshenko bir-biriga qarshi tish qayray boshladi.
Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, inqilob ortida turgan kuchlarga birdamlik yetishmadi.
"Shaxsiy ambitsiyalar umumiy manfaatlarni ikkinchi planga surib qo'ydi. Ittifoq asta-sekin quladi", - deydi Legvold.
Prezident, bosh vazir va parlament munosabatlari turg'un holatga keldi. Tahlilchilar nazarida vaziyat hali-beri o'zgarmaydi.
Yushchenko reytingining tushishiga prezidentning iqtisodiy muammolar oldida ojizligi ham sabab bo'ldi. O'tgan yili iqtisodiyot 14-15 foizga sustlashgan - sobiq Sovet davlatlari orasidagi eng salbiy ko'rsatkich.
Garvard universiteti mutaxassisi Marshall Goldmenning aytishicha, Ukraina po'lat eksportiga katta urg'u berib, mahsulotga jahonda talab keskin susaygach, pand yedi.
"Rangli metallar kabi eski texnologiyaga tobelikdan qutulib, ekonomikani diversifikatsiyalash kerak. Bu oson emas, albatta".
Mutaxassislar nazarida davlat zaxirasidagi pul milliy valyutani ushlab turish uchun sarflandi, byudjet ehtiyojlari esa Xalqaro valyuta jamg'armasi kreditlari hisobiga qoplandi.
Bundan tashqari, deydi Robert Legvold, Yushchenkoning korrupsiyaga qarshi kurashi biror natija bermadi.
"Muammo hal bo'lmasdan, aksincha kuchayib bordi. Korrupsiyani yengish bir kishining, bir rahbarning qo'lidan keladigan ish emas", - deydi Legvold.
Tahlilchilar nazarida Ukrainada bo'lajak rahbar asosan ikki muammo bilan shug'ullanishi kerak - korrupsiya va iqtisodiyot. Bundan tashqari, deydi ular, yangi prezident NATOga a'zo bo'lish harakatini bo'shashtirmasdan, Yushchenko prezidentligi davrida eng quyi nuqtaga tushgan Ukraina-Rossiya munosabatlari kelajagi haqida o'ylashi kerak.